O‘zbekiston | 11:15
802
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Ilm va ma’rifat tinchlikning mustahkam poydevoridir

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida bugungi murakkab global sharoitda ilm-fan, ta’lim va ma’rifat tinchlik, o‘zaro anglashuv hamda barqaror taraqqiyotning eng muhim omili ekanini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari forumning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu anjuman jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasi, uning boy ma’naviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Prezident bugungi kunda insoniyat fan va texnologiyalarda katta yutuqlarga erishayotgani bilan birga, mojarolar, ekstremizm, islomofobiya va madaniyatlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar kabi jiddiy sinovlarga ham duch kelayotganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan ilgari surilgan «Jaholatga qarshi – ma’rifat» tashabbusi bugun ham o‘z dolzarbligini saqlab qolayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, aynan ilm-fan, ta’lim, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlargina yer yuzida tinchlik va ijtimoiy hamjihatlikni ta’minlay oladi.

Prezident o‘z murojaatida O‘zbekiston zamini jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yurti ekanini eslab o‘tdi. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va boshqa buyuk mutafakkirlarning merosi bugun ham insoniyat uchun muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Davlat rahbari Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini, islom sivilizatsiyasining boy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi turli mamlakatlar olimlari, tadqiqotchilari va ma’rifatparvarlarini birlashtiruvchi ochiq intellektual maydonga aylanganini ta’kidlab, barcha xalqaro hamkorlarni ilm-fan va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishga chaqirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid