Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Smartfondan real ijodga: robototexnika bolalarni qanday rivojlantiradi?
Hozir yon-atrofga qaralsa, juda ko‘p bolalarning qo‘lida smartfon. Hatto ayrimlar hali tili chiqmagan va yurishni ham bilmaydigan bolalarining xarxashasiga chidashdan ko‘ra, ularni telefon bilan tinchlantirishni afzal ko‘rmoqda. Mutaxassislar o‘z o‘rnida mobil qurilmalar bilan ko‘p vaqt o‘tkazilishi bolalarning diqqat, xotira va fikrlash jarayonlariga ta’sir o‘tkazishini aytmoqda. Xo‘sh, bunday holatda robototexnika bolalarni smartfonga qaramlikdan qutqaruvchi vositaga aylana oladimi? Kun.uz muxbiri shu savolga javob izladi.
Amerika pediatriya akademiyasi saytida e’lon qilingan maqolada 2–4 yoshdagi bolalar kuniga o‘rtacha 2 soat, 5–8 yoshdagi bolalar esa kuniga o‘rtacha 3,5 soat vaqtini mobil qurilmalarda sarflayotgani qayd etilgan. Mutaxassislar bolalarning smartfonlarda buncha ko‘p vaqt sarflashi ularning diqqat, xotira va fikrlash jarayonlariga ta’sir qilibgina qolmay, balki umumiy rivojlanish jarayoni, nutq shakllanishi hamda ijtimoiy faolligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
O‘z o‘rnida mutaxassislar gadjetlarga bo‘lgan qiziqishni yo‘q qilish, cheklash o‘rniga, uni to‘g‘ri tomonga yo‘naltirishni tavsiya qilmoqda. Shu yo‘nalishlardan biri sifatida robototexnika tilga olib kelinmoqda.
Robototexnika — bolaga nafaqat o‘yin, balki real hayotga yaqin muammolarni hal qilish imkonini beradi. Bu esa unda mantiqiy fikrlashni kuchaytiradi va bilimni amaliyot bilan bog‘laydi.
Bolalarning rivojlanishida ota-onaning roli ham juda katta. Farzandning qiziqishlarini erta aniqlash va uni to‘g‘ri yo‘naltirish — kelajakdagi salohiyatini shakllantirishda asosiy omillardan biri.
“Ota-onalar farzandi yig‘lamasligi uchun to‘g‘ri tarbiyalash o‘rniga qo‘liga telefon berib, televizor yoqib qo‘ymoqda. Bu bolaning tarbiyasiga juda salbiy ta’sir qiladi. Mening farzandim ham bir yoshidanoq telefon o‘ynashni boshladi — oqibatda bolalarga qo‘shilmaydigan, faqat multfilm dunyosiga kirib ketadigan bo‘lib qoldi”, — deydi farzandlarini robototexnika kurslarida o‘qitayotgan Malika Tursunova.
Uning aytishicha, robototexnika darslaridan so‘ng farzandlarida tezda o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, boshqalar bilan muloqotga kirishishi osonlashgan. Vazifalarni ham tezroq bajarishni boshlagan.
Yana bir ona esa o‘z vaqtida ovqatini yemayotgan farzandlariga smartfon berib, ularni taomlantirishga harakat qilganini eslab, aslida bu xato bo‘lganini aytadi. U ham ikki farzandini robototexnika darslariga bergan. Shundan so‘ng ularda ham o‘zgarish kuzatilgan.
“Bir kuni farzandim: “Katta bo‘lganimda butun dunyo foydalanadigan kompyuter dasturi yarataman” dedi. O‘zining yoshiga nisbatan shunchalik katta fikrlaydi. Charchab qolishi, zerikishi mumkin, lekin har doim oldinga yurishga yordam berish kerak”, — deydi Ra’no Ishmuhammedovaa.
Robototexnika yo‘nalishida dars berayotgan Aziza Artikova bu soha bolalarga bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim ko‘nikmalarni berishini aytadi. Ular orasida mantiqiy fikrlash, muammoni bosqichma-bosqich hal qilish, jamoada ishlash, tengdoshlar bilan hamkorlik qilish, nutqni rivojlantirish kabi ko‘nikmalar bor.
Artikovaning ta’kidlashicha, robototexnika kurslarida 5-8 yoshli bolalar asosan jamoa bo‘lib ishlashda qiynaladi. Ammo biroz vaqt o‘tib, bu jihatni ham o‘zlashtirib olishadi.
“Ba’zi ota-onalar farzandining nutqini rivojlantirish maqsadida ham robototexnika to‘garaklariga olib kelishadi. Buning ham o‘z sababi bor: mayda motorika bilan ishlash qo‘l mushaklarini rivojlantiradi va bu jarayonda bolaning nutqi ham asta-sekin rivojlanib boradi”, — deydi mutaxassis.
To‘liq videoni Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
21:30 / 07.07.2026
SpaceX investorlarga yupqa smartfon prototipini namoyish etdi
20:41 / 30.06.2026
Yangi Samsung Galaxy 2026 yilning "eng bema’ni" smartfoni deb topildi
16:32 / 29.06.2026
Avstraliya yo‘li tanlanadimi? O‘zbekistonda ham bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi cheklanishi mumkin
20:13 / 24.06.2026