Jahon | 08:36
846
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Suriyaga investitsiyalar yo‘lini ochish niyatida

AQSh prezidenti Donald Tramp Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’aga yo‘llagan maktubida mamlakatni terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Foto: AP
 
Ma’lum qilinishicha, maktubda Tramp Suriyaga amerikalik investorlarni jalb qilish va mamlakat iqtisodiyotini tiklashga ko‘maklashish rejalari haqida ham to‘xtalgan.

«Bizda Suriyaga sarmoya kiritishga tayyor bo‘lgan amerikalik kompaniyalar bor. Ular mamlakatingizni har qachongidan ham farovon va rivojlangan davlatga aylantirishga yordam berishga tayyor», — deyiladi AQSh prezidentining murojaatida.

Shuningdek, NATO sammitining yakuniy kunida Anqara shahrida Donald Tramp va Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’aning shaxsiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlik va xavfsizlik masalalari muhokama qilingan.

Bundan avval Tramp Suriyaga nisbatan joriy etilgan AQSh sanksiyalarini bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Shu bilan birga, u davlat kotibi Marko Rubioga Suriyani terrorizm homiysi davlatlar ro‘yxatidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergan.

Mazkur ro‘yxatda bo‘lish mamlakat uchun qator jiddiy cheklovlarni anglatadi. Jumladan, AQShning tashqi yordami cheklanadi, qurol-yarog‘ eksport qilish taqiqlanadi hamda xalqaro moliyaviy operatsiyalarga oid bir qator to‘siqlar saqlanib qoladi. Shu sababli Suriyaning ushbu ro‘yxatdan chiqarilishi mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar oqimini oshirishi mumkin.

Xususan, Saudiya Arabistonining bir nechta yirik kompaniyalari allaqachon Suriyani urushdan keyin qayta tiklash loyihalariga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Suriyaning yangi rahbariyati esa AQSh qarorlari mamlakatning jahon iqtisodiyotiga qayta integratsiya qilinishi uchun muhim qadam bo‘lishini ta’kidlab kelmoqda.

Tramp va ash-Shar’aning avvalgi uchrashuvi

Donald Tramp Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish niyatini ilk bor 2025 yil may oyida ma’lum qilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, Ar-Riyod shahrida u Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashdi. Bu AQSh va Suriya rahbarlarining so‘nggi 25 yil ichidagi birinchi rasmiy uchrashuvi sifatida tarixga kirdi.

Avvalroq The Times nashri Suriya rahbari AQShdan sanksiyalarni bekor qilish evaziga amerikalik kompaniyalarga mamlakat tabiiy resurslaridan foydalanish imkoniyatini taklif qilganini yozgan edi.

AQSh qo‘shinlari Suriyani tark etgan

2026 yil aprel oyida Suriya Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hududida joylashgan AQSh harbiy kuchlari to‘liq chiqib ketganini ma’lum qildi. Vazirlik bayonotida Amerika harbiy obektlarining Suriya hukumatiga topshirilishi yuqori darajadagi hamkorlik asosida amalga oshirilgani qayd etilgan.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ham bu ma’lumotni tasdiqladi. Shu bilan birga, Vashington mintaqada IShID terrorchilik guruhiga qarshi hamkor kuchlar ishtirokidagi operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid