Texnologiya | 08:50
1316
4 daqiqa o‘qiladi

CobraJet: sun’iy intellektli yangi dron-ovchi namoyish qilindi

Amerikaning SkyDefense kompaniyasi dushman dronlarini avtomatik aniqlash, ta’qib qilish va yo‘q qilishga mo‘ljallangan CobraJet avtonom havo to‘suvchi apparatini taqdim etdi. Sun’iy intellekt asosida ishlaydigan ushbu tizim bir missiya davomida bir nechta dronni yo‘q qilish imkoniyatiga ega.

Foto: Skydefense

Yangi CobraJet platformasi muhim infratuzilma obektlarini dronlar tahdididan himoya qilish uchun ishlab chiqilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, apparat nafaqat oddiy, balki yuqori tezlikda harakatlanuvchi va faol manyovr qiladigan uchuvchisiz apparatlarni ham quvib yetib, ularni yo‘q qila oladi.

Besh xil modifikatsiya ishlab chiqilgan

SkyDefense CobraJetʼning beshta turli modifikatsiyasini taklif qilmoqda. Xaridorlar to‘liq elektr yoki gibrid kuch qurilmasiga ega versiyalarni tanlashlari mumkin.

Elektr variantlari qattiq holatli akkumulyatorlardan quvvat oluvchi kanalli ventilyatorlar bilan jihozlangan bo‘lib, soatiga 360 kilometrgacha tezlikka chiqa oladi.

Gibrid modellarda esa qo‘shimcha turboreaktiv dvigatel o‘rnatilgan. Bu maksimal tezlikni soatiga 563 kilometrgacha oshirish imkonini beradi.

3D-printerda ishlab chiqariladi

Apparatning konstruksiyasi ugleplastik materialdan tayyorlangan bo‘lib, asosiy qismlari 3D-printer yordamida ishlab chiqariladi.

Bunday yondashuv ishlab chiqarishni arzonlashtirish bilan birga, tizimni to‘liq qayta loyihalamasdan turib modernizatsiya qilish imkonini ham yaratadi.

Vertikal uchish va qo‘nish (VTOL) imkoniyati hamda boshqariladigan tortish kuchi soplolari CobraJetʼga uchish-qo‘nish yo‘lagisiz harakatlanish va manyovr qilayotgan nishonlarni samarali ta’qib qilish imkonini beradi.

«Ona dron» vazifasini ham bajaradi

Eng yirik versiya — V10/VT10 — katta yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega.

U havoda o‘zi bilan birga qo‘shimcha dron-to‘suvchilarni ham olib yurishi mumkin. Zarurat tug‘ilganda ular ichki qurol bo‘linmasi yoki tashqi osma qurilmalar orqali uchiriladi. Bu esa uzoq davom etadigan operatsiyalarda tizim samaradorligini yanada oshiradi.

Sun’iy intellekt mustaqil boshqaradi

CobraJet parvozning asosiy qismini sun’iy intellekt asosidagi avtonom boshqaruv tizimi yordamida amalga oshiradi.

Navigatsiya uchun elektrooptik va infraqizil kameralardan foydalaniladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, apparat kunduzi ham, kechasi ham, yomon ob-havo sharoitida va radioelektron qarshi ta’sir kuchli bo‘lgan vaziyatlarda ham samarali ishlay oladi.

Qisqa muddatli operatsiyalarda operator istasa, sun’iy intellekt yordamida masofadan turib boshqaruvni o‘z qo‘liga olishi mumkin.

Qarorni inson qabul qiladi

Operatsiyalar maxsus ko‘chma VRAM dasturiy majmuasi orqali boshqariladi. U jang maydonidan kelayotgan ma’lumotlarni tahlil qiladi va nishonlarni aniqlaydi.

Biroq quroldan foydalanish haqidagi yakuniy qaror har doim inson tomonidan qabul qilinadi. Shuningdek, CobraJet mavjud qo‘shinlarni boshqarish tizimlari va yer ustidagi aniqlash vositalari bilan integratsiya qilina oladi.

Arzonroq va samaraliroq qurol

Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, CobraJet an’anaviy va qimmat zenit raketalari o‘rniga maxsus dronlarga qarshi ishlab chiqilgan ixcham boshqariladigan o‘q-dorilardan foydalanadi.

Uning qurollanishi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

PYTHON uchirish qurilmasi va 18 millimetrli COPPERHEAD o‘q-dorilari;
40 millimetrli boshqariladigan CUDA snaryadlari;
45 millimetrli boshqariladigan VIPER raketalari.

SkyDefense ta’kidlashicha, CobraJet mustaqil tizim emas, balki ko‘p qatlamli havo mudofaa tizimining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. Agar dushman droni havodagi to‘siqdan o‘tib ketsa, uni yer ustidagi bo‘linmalar boshqariladigan o‘q-dorilar yoki zenit raketalari yordamida yo‘q qilishi mumkin.

Kompaniya mutaxassislari fikricha, dron texnologiyalari tez sur’atlarda rivojlanayotgan bir paytda aynan shunday ko‘p bosqichli mudofaa tizimlari kelajakda eng samarali yechimga aylanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid