Sport | 07:48
5865
6 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Marokashni turnirdan chiqarib yubordi

Mbappe Messi kabi birinchi bo‘limda penaltini ura olmadi, ikkinchi bo‘limda esa u kabi o‘yin taqdirini hal qildi va to‘purarlar poygasida unga yetib oldi. Ammo o‘yin oxirlarida jarohat tufayli almashtirildi.

Fransuzlarda kayfiyat bo‘yicha hammasi joyida

Fransiya – Marokash 2:0
Gollar:
Mbappe, 60 (1:0). Dembele, 66 (2:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Mbappe, 28’
Fransiya: Menyan, Upamekano, Saliba, Din, Kunde (Gyusto, 87), Kone (Zair-Emeri, 71), Rabio, Olise, Due (Barkolya, 77), Dembele, Mbappe (Mateta, 77)
Marokash: Bunu, Mazraviy, Diop, Salohiddin (Ouadi, 74), Hakimi, Buaddi (Amrabat, 62), Al-Aynaviy, Unai, Talbi (Sbai, 85), Dias (Yasin, 74), Al-Hannus (Rahimi, 62)
Ogohlantirish: Diop, 63

Kilian Mbappe jahon chempionatida Fransiya milliy jamoasini o‘z ortidan ergashtirishda davom etmoqda. Chorakfinalda Marokashga qarshi o‘yinda 27 yoshli hujumchi birinchi bo‘limda penaltidan foydalana olmagandi, lekin ikkinchi bo‘limda ajoyib gol urib hisobni, keyin esa Dembelening goliga assistentlik qildi.

Fransuzlar ikkinchi bo‘limning birinchi yarmida 11 metrlik jarima zarbasi ishladi – Nussayr Mazraviy jarima maydoni ichida Kilianni yiqitdi va bosh hakam Fakundo Telio darhol «nuqta»ni ko‘rsatdi. Jabrlanuvchining o‘zi zarba berish uchun yo‘l oldi.

Ammo u darhol zarba bera olmadi – vaziyatga VAR aralashib, epizodni sinchiklab ko‘rib chiqish boshlandi. Mbappe 3 daqiqadan ortiq vaqt davomida kutib turishga majbur bo‘ldi, hakamning qarori to‘g‘riligi tasdiqlanganidan keyin esa u juda ishonchsiz zarba yo‘lladi – pastdan va kuchsiz kelgan to‘pni darvozabon Yosin Bunu osonlik bilan qaytardi.

Aftidan, penaltini ko‘rib chiqish jarayoni haddan tashqari cho‘zilishi hujumchiga ta’sir ko‘rsatgan va u aniq zarba bera olmagach, hakamning oldiga kelib, e’tiroz bildirdi.

Mbappe uchun bu holat yoqimsiz zarba bo‘ldi. U Fransiya milliy jamoasining jahon chempionatlarida penaltidan gol ura olmagan ikkinchi futbolchiga aylandi, birinchisi 2014 yilgi mundialda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Karim Benzema bo‘lgandi.

Bunu esa o‘z seyvi bilan penaltilar bo‘yicha haqiqiy mutaxassis sifatida tarixga kirdi. Opta xabariga ko‘ra, 35 yoshli marokashlik JChda o‘yindan keyingi seriya ham hisoblanganda, jami to‘rt bor penalti qaytargan. Bunday natija bilan shu vaqtgacha faqat Iker Kasilyas, Dominik Livakovich, Daniyel Subashich, Serxio Goykochea va Harald Shumaxer kabi darvozabonlar maqtana olardi. Bunuda bu boradagi umumiy statistika ham yuqori – u 9 ta penaltidan atigi ikkitasini o‘tkazgan (4 tasini qaytargan, yana 3 zarba xato ketgan).

Ammo penaltilar bo‘yicha kuchli statistikasi Bunuga yordam bera olmadi. 60-daqiqada Mbappe baribir o‘z maqsadiga erishdi va jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan chiroyli zarbasi bilan hisobni ochdi. Bu Kilianning joriy mundialdagi sakkizinchi goliga aylandi va u to‘purarlar poygasida Lionel Messiga yetib oldi. Bundan tashqari, u jahon chempionatlarida urilgan jami gollar soni bo‘yicha (20) argentinalik hujumchiga (21) maksimal darajada yaqinlashib oldi.

Biroz o‘tib u Usmon Dembelening goliga ham assistentlik qildi va o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi. Marokash butun o‘yin davomida oldingi chiziqda jiddiy vaziyatga ega bo‘lmadi. Fransuzlar zarbalar soni bo‘yicha ham (22:5, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar – 8:1), xG ko‘rsatkichi (3,05 ga qarshi 0,14) bo‘yicha ham yaqqol ustunlik qilishdi. 

Kilian endi ikkita jahon chempionatida «gol+pas» bo‘yicha 10+ ko‘rsatkich qayd etgan ilk futbolchiga aylandi. O‘tgan turnirda u 8+2 natijasiga erishgandi, bunisida allaqachon 8+3.

Ammo u shu kuni o‘yinni oxirigacha davom ettira olmadi. 77-daqiqada u og‘riq his qilib, gazonga yotib oldi va o‘z o‘rnini Matetaga bo‘shatib berdi.

Unga aynan nima bo‘lgani aniq emas. O‘yin davomida ikki epizodda unga nisbatan qo‘pollik ishlatilgandi. Birinchisi, penalti ishlangan vaziyat. Lekin shundan keyin u yarim soatdan ortiq vaqt mobaynida o‘ynashda davom etgani hisobga olinsa, muammoga bu sabab bo‘lmagani aniq.

Ikkinchi epizod esa 63-daqiqada ro‘y berdi: Issa Diop qanotda Mbappening oyog‘iga tepdi va o‘yindagi yagona sariq kartochkani qabul qilib oldi. Hujumchi o‘shanda oyog‘ini ushlab, gazonda yotgan, ammo o‘rnidan turib, o‘yinni davom ettirgandi. 14 daqiqa o‘tib baribir o‘zini almashtirishni so‘radi.

Zaxira o‘rindig‘ida esa o‘ng oyog‘i to‘piq qismiga muz bog‘langan holda o‘tirdi.

O‘yindan keyingi intervyusida Kilian muxlislarni tinchlantirdi: «Barchasi joyida! – deya qayd etdi u. – To‘pig‘imga zarba qabul qilib oldim, ammo barchasi normal. Mateta so‘nggi 15 daqiqalik uchun mendan yaxshiroq holatda edi».

Agar jamoa sardorining gapi to‘g‘ri bo‘lsa, bu kichik jarohat unga yarimfinalda o‘ynashga to‘sqinlik qilmaydi. Yarimfinal o‘yini 14 iyul kuni bo‘lib o‘tadi, undagi raqib esa Ispaniya va Belgiya juftligida aniqlanadi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid