Iqtisodiyot | 10:35
1238
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki O‘zbekiston uchun eng istiqbolli uch sohani sanadi

Jahon bankining yangi tahliliy hisobotiga ko‘ra, logistika, turizm va farmatsevtika O‘zbekiston iqtisodiyotining eng yuqori salohiyatga ega tarmoqlari hisoblanadi. Ushbu sohalarda maqsadli islohotlar amalga oshirilsa, mamlakatda 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish va milliardlab dollar xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoni paydo bo‘ladi.

Foto: AP

Jahon banki tahlilchilari fikricha, mazkur uch tarmoq xususiy kapitalni jalb etish, bandlikni oshirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan eng istiqbolli yo‘nalishlar sanaladi. Bu sohalarni rivojlantirish raqobatbardosh va xususiy sektor yetakchilik qiladigan iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qiladi.

Hisobotda qayd etilishicha, 2017 yildan buyon O‘zbekistonda amalga oshirilgan bozor islohotlari ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va aholi daromadlarini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun raqobatni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, malakali kadrlar tayyorlash, infratuzilmani rivojlantirish va tartibga solish tizimini takomillashtirish zarurligi ta’kidlangan.

Logistika sohasida avtomobil yuk tashuvlari va ombor infratuzilmasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida baholangan. Yer ajratish va qurilish jarayonlarini soddalashtirish, xalqaro yuk tashish ruxsatnomalarini raqamlashtirish orqali 950 million dollardan 1,05 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish hamda 108 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi qayd etilgan.

Turizm sohasida esa madaniy va ekologik turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlangan. Yer ijarasi mexanizmlarini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va turistik obektlarni samarali boshqarish hisobiga 3,1 milliard dollardan 4,2 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish mumkin. Bu esa 120–180 ming yangi ish o‘rni yaratish, turistik oqimlarni diversifikatsiya qilish va sohaning iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Hisobotda farmatsevtika ham yuqori o‘sish salohiyatiga ega strategik tarmoq sifatida qayd etilgan. Jahon banki ushbu sohada ham xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga xizmat qilishini ta’kidlagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid