Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO to‘rt davlat qiyofasida yangi raqibni ko‘rmoqdami?
Turkiyadagi NATO sammitida alyans bosh kotibi Mark Ryutte NATO davlatlarida yashovchi 1 milliard aholini “birgalikda ish olib borayotgan Rossiya, Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron”dan himoya qilish zaruratini ta’kidladi. Biroq tahlilchilar sanab o‘tilgan bu to‘rtta davlat o‘rtasida to‘liq strategik uyg‘unlik mavjud emasligi, hozir aksincha, NATOning o‘zining ichkarisida bo‘linish borligiga e’tibor qaratmoqda.
— NATO bosh kotibi tomonidan Rossiya, Xitoy, Shimoliy Koreya va Eronning birga tilga olinishi ularga yangi qarshilik bloki sifatida qaralayotganini anglatadimi?
Shuhrat Rasul: Rossiya–Ukraina urushi boshlangan paytda bu davlatlar yagona blok sifatida shakllangani yo‘q. Shimoliy Koreya Rossiyaga askarlar, ballistik raketalar va millionlab snaryadlar bilan, Eron esa dronlar bilan yordam berdi.
Xitoyga kelsak, AQShning zamonaviy strategik hujjatlarida Xitoy ko‘proq gipotetik xavf sifatida ko‘riladi, ammo bevosita dushman sifatida baholanmaydi. Yevroittifoq ham Xitoyni hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy tahdid deb qabul qilmaydi. Shu bilan birga, Xitoyning iqtisodiy va harbiy qudrati ortib borayotgani, ayniqsa yadro dasturining kengayishi xavotir uyg‘otmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2035 yilga borib Xitoy AQSh va Rossiya bilan yadro paritetiga yaqinlashishi mumkin. NATOning 2022 yilda qabul qilingan strategik konsepsiyasida ham Xitoy aynan shunday – potensial xavf sifatida tilga olingan.
Bu yerda G‘arb ichidagi muayyan tafovut ko‘zga tashlanadi. Rossiya–Ukraina urushi davom etayotgan paytda Donald Tramp bir necha bor bu urush AQShniki emas, balki Yevropaning mas’uliyati ekanini ta’kidladi. Keyinchalik Yaqin Sharqda Eron bilan keskinlik kuchayganida esa, aksincha, u Yevropa davlatlaridan yordam so‘radi. Yevropa yetakchilari, jumladan Kir Starmer, Emmanuel Makron va boshqalar Yaqin Sharqdagi mojaroni AQShning tashabbusi deb baholab, bevosita harbiy aralashuvga tayyor emasligini bildirdi. Bu holat Trampning Ukraina haqidagi avvalgi bayonotlariga ma’lum ma’noda javob bo‘ldi.
Hozir Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlash tarafdori, ammo yordamni to‘liq bepul emas, balki Yevroittifoq moliyalashtirishi kerak degan yondashuvni ilgari surmoqda. So‘nggi voqealar shuni ko‘rsatadiki, AQSh va Yevroittifoq o‘rtasida o‘zaro ishonch masalasida muayyan sovuqlik yuzaga kelgan.
Agar Xitoy Tayvanga harbiy yo‘l bilan bosim o‘tkazsa va AQSh bunga aralashsa, Yevropa murakkab qaror oldida qoladi. Chunki Yevroittifoq “yagona Xitoy” prinsipini tan olgan, ammo Tayvanga nisbatan kuch ishlatilishini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bunday vaziyatda Yevropa qanday yo‘l tutishi ko‘plab omillarga, jumladan o‘sha paytdagi siyosiy yetakchilarga ham bog‘liq bo‘ladi. Masalan, agar ultra o‘nglar hokimiyatga kelsa, Yevropaning tashqi siyosiy yo‘nalishi sezilarli darajada o‘zgarishi mumkin.
Umrbek Yusupov: Haqiqatan ham Yevropa va Amerikaning strategik yondashuvlari bir-biridan farq qiladi. AQSh, xususan Donald Tramp davrida qabul qilingan strategik hujjatlarda Xitoy asosiy raqib sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, Yevropada hozirgi asosiy xavf sifatida Rossiya tilga olinmoqda. Bu pozitsiya turli rasmiy bayonotlar bilan tasdiqlangan. Masalan, NATO doirasida ilgari surilayotgan “kuchli va avtonom Yevropa” konsepsiyasi aynan Rossiyani asosiy tahdid sifatida belgilaydi.
Bu fikrni NATO bosh kotibi Mark Ryutte yoki Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb chiqishlarida ham ko‘rish mumkin. Ularning ta’kidlashicha, Ukrainaning frontdagi ustunligi hozir ancha yuqori darajaga chiqqan. Aynan shu omil Tramp ritorikasining o‘zgarishiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, Yevropa uchun Xitoy muhim iqtisodiy hamkor bo‘lib qolmoqda. Yevropa Ittifoqi Xitoyning eng yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun bu masalada iqtisodiy omil hal qiluvchi rol o‘ynaydi va Yevropa Xitoyga nisbatan ehtiyotkor siyosat yuritadi.
Atlantik hamkorlik saqlanib qolayotganiga qaramay, Yevropa asta-sekin o‘zining mustaqil mudofaa salohiyatini kuchaytirish zarurligini anglab yetmoqda. Mark Ryuttening bayonotlarida ham bu yaqqol aks etadi: Yevropada salohiyat bor, ammo uni tez va kerakli miqyosda tiklash hozircha murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda. Shu sababli Yevropa hozircha AQShga tayanishga majbur.
Trampning Yevropaga nisbatan munosabati ham sovuqqon. U NATO doirasida majburiyatlarni oshirish, xususan harbiy xarajatlarni YaIMning 5 foizigacha yetkazishni talab qilar ekan, aslida Yevropa davlatlari o‘z xavfsizligini o‘zi ta’minlashi kerakligini ta’kidlaydi. Bu yondashuv “o‘z yukingizni o‘zingiz ko‘taring” degan mazmunga ega. Shu fonda ayrim Yevropa yetakchilari, jumladan Emmanuel Makron, Yevropaning strategik mustaqilligini oshirish va hatto “yadro soyaboni” kabi tashabbuslarni ilgari surmoqda. Biroq amalda Yevropa hali AQShdan to‘liq mustaqil bo‘la olmaydi. Siyosiy va harbiy jihatdan AQShning ta’siri hanuz juda kuchli.
Bundan tashqari, AQSh bilan ayrim Yevropa davlatlari o‘rtasidagi ziddiyatlar ham umumiy muhitga ta’sir qilmoqda. Masalan, Trampning Italiya bosh vaziri Meloni bilan munosabatidagi sovuqlik yoki boshqa yetakchilar bilan yuzaga kelayotgan kelishmovchiliklar Yevropa siyosatiga ehtiyotkorlik ruhini kiritmoqda. Chunki har qanday yetakchi Tramp bilan qarama-qarshilikka kirsa, shunga o‘xshash bosimga duch kelishi mumkin.
Umuman olganda, Yevropa strategik avtonomiya sari intilayotgan bo‘lsa-da, hozircha AQShdan butunlay yuz o‘girishi mumkin emas. NATO doirasidagi sammitlar va harbiy-sanoat forumlari aynan Yevropaning real imkoniyatlari va zaif tomonlarini ko‘rsatib bermoqda.
Shu bilan birga, Yaqin Sharq kontekstida NATO uchun yangi xavf omillari ham paydo bo‘lmoqda. Xususan, ayrim tahlillarga ko‘ra, Turkiyaning kuchayib borayotgani Isroil uchun uzoq muddatli strategik xavf sifatida baholanmoqda.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
11:46
Turkiya omili: NATOda zarur, YeIda ortiqchami?
18:32 / 09.07.2026
«Kuchliroq NATOda kuchliroq Yevropa» – Anqaradagi sammit qanday o‘tdi?
18:10 / 09.07.2026
Erdo‘g‘an NATO yetakchilariga shaxsiy to‘pponcha sovg‘a qildi
14:13 / 09.07.2026