Jahon | 17:31
946
6 daqiqa o‘qiladi

Xitoy muvaffaqiyatli raketa parvozidan keyin uning busterini qaytarib oldi

Xitoy aerokosmik ilm-fan va texnika korporatsiyasi «Long March 10B» raketasini uchirdi va bir necha daqiqadan so‘ng uning «birinchi bosqich» deb ataladigan eng qimmatbaho qismini muvaffaqiyatli qaytarib oldi.

«Long March 10B» raketasining uchirilishi

Xitoy qayta ishlatiladigan raketalar sohasida AQShning mutlaq ustunligiga barham berishni niyat qilgan. Shu maqsadda 10 iyul kuni o‘tkazilgan dengiz platformasiga o‘rnatilgan maxsus to‘r yordamida raketani tutib olish eksperimental tizimini muvaffaqiyatli yakunlandi.

Eksperimental sinov

Xitoy raketa tashuvchilar texnologiyasi akademiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Long March 10B» raketasi 10 iyul kuni Xaynan tijoriy kosmik parvozlar maydonchasidan havoga ko‘tarilgan. Raketaning busteri – pastki tezlatgich bosqichi yuqori qismdan ajralganidan taxminan olti daqiqa o‘tib, vertikal holatda ortga qaytdi va dengiz platformasida muvaffaqiyatli tutib olingan.

Reutersʼning yozishicha, ushbu sinov Xitoy tarixida orbital toifadagi raketaning ilk bor muvaffaqiyatli qaytarib olinishi hisoblanadi. Bu bilan Xitoy to‘liq qayta ishlatiladigan raketalar yaratish maqsadiga yanada yaqinlashmoqda.

Xitoy davlat teleradiokompaniyasi xabarga ko‘ra, raketa juma kungi parvoz davomida sun’iy yo‘ldoshni belgilangan orbitaga ham muvaffaqiyatli chiqargan.

Xitoyning 2030 yilgacha Oyga odam uchirish missiyasi uchun ishlab chiqilayotgan dasturning bir qismi o‘laroq, «Long March 10B» raketasi keng ko‘lamli Oy dasturi uchun zaruriy ma’lumotlarni taqdim etishi va tegishli texnologiyalarni sinovdan o‘tkazib berishi kutilmoqda.

2026-07-10 17.45.07

Xitoy shu yilning oxirigacha «Long March 10B» raketasining aynan shu qaytarib olingan busteridan yana bir bor parvozda foydalanishni rejalashtirmoqda.

Bu xushxabar ortidan Xitoy aerokosmik kompaniyalarining aksiyalari keskin ko‘tarilib ketdi. Xususan, China Spacesat va China Satellite Communications kompaniyalari aksiyalari kunlik ruxsat etilgan maksimal o‘sish chegarasiga yetdi.

Falcon 9 bilan farq nimada?

«Long March 10B» raketasi ko‘p jihatdan SpaceX kompaniyasining dunyoda eng ko‘p ishlatiladigan o‘rta vaznli Falcon 9 raketasiga o‘xshatiladi.

U Xitoyning asosiy davlat raketa ishlab chiqaruvchisi — Xitoy raketa tashuvchilar texnologiyasi akademiyasi (CALT) tomonidan tijoriy kosmik parvozlar uchun ishlab chiqilgan.

«Long March 10B» Yerning past orbitasiga kamida 16 metrik tonna foydali yuk olib chiqishga qodir. 61 metrli raketaning birinchi bosqichidagi dvigatellar suyuq kislorod va kerosin, yuqori bosqich dvigateli esa suyuq kislorod va metan bilan ishlaydi.

Biroq, Falcon 9 raketasidan farqli o‘laroq, «Long March 10B» quruqlikdagi maydonchaga yoki dengizdagi maxsus kemaga o‘zining ochiladigan tayanch «oyoqlari» yordamida mustaqil ravishda qo‘nmaydi. Buning o‘rniga u dengiz platformasidagi to‘rni ilib olish uchun to‘rtta maxsus «qo‘nish ilgagi»dan foydalanadi.

Quyidagi videoda AQSh va Xitoy kompaniyalarida raketa pastki qismini tutib qolish uslublaridagi farq ko‘rsatilgan.

«To‘rga asoslangan tutib olish tizimi raketaning ichki tuzilishini soddalashtirishga, uning og‘irligini kamaytirishga va mos ravishda foydali yuk ko‘tarish quvvatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu tizim qo‘nish nuqtasidan biroz chetga chiqish holatlariga ham juda moslashuvchan. Chunki bir-biri bilan muvofiqlashtirilgan to‘rlar tizimi raketani tutib olish maydonini samarali ravishda kengaytira oladi», deya tushuntirdi kompaniya eksperti Chen Muyye.

Global kosmik poyga

Ma’lumot uchun, SpaceX kompaniyasi ilk bor 2015 yil dekabr oyida orbital parvozdan so‘ng Falcon 9 raketasini muvaffaqiyatli qo‘ndirgan edi. Oradan yillar o‘tib, 2025 yil noyabrida Blue Origin kompaniyasi ham o‘zining New Glenn raketasi bilan buni takrorladi.

2026-07-10 17.52.40
Foto: SpaceX

Hozirgi vaqtda SpaceX yiliga 150 martaga yaqin – haftasiga taxminan 3 marta Falcon 9 raketasini uchirmoqda. Shuningdek, ular ehtiyojga qarab raketaning busterini o‘nlab marta qayta ishlatadi. Qimmatbaho dvigatellar bilan jihozlangan ushbu buster raketaning eng qimmat va qadrli qismi hisoblanadi.

Nashrning yozishicha, Xitoy qayta ishlatiladigan raketa texnologiyalarini rivojlantirish uchun qariyb o‘n yil vaqt sarfladi. Barchasi dastlabki past balandlikdagi muvozanat sinovlaridan boshlanib, so‘nggi yillarda orbital busterlarni qaytarib olish urinishlarigacha yetib keldi.

Bunday tizimning joriy etilishi Xitoyning shiddat bilan kengayib borayotgan tijoriy sun’iy yo‘ldosh guruhlarini uchirish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.

2026-07-10 17.45.11
Foto: CALT

Kuchli global raqobat muhitida Xitoyning xususiy firmalari ham qayta ishlatiladigan raketalarni sinovdan o‘tkazish choralarini ko‘rmoqda. Hukumat esa ushbu sohadagi kompaniyalarga mablag‘ yig‘ishda yordam berish uchun – aksiyalarni birjada birlamchi joylashtirish (IPO) qoidalarini yumshatdi.

Juma kungi sinov katta burilish bo‘lsa-da, Xitoy hukumati raketadagi har qanday muammolarni aniqlash va hal qilish uchun yana ko‘plab sinov parvozlarini o‘tkazishi kerak. Shundan keyingina u SpaceX bilan tengma-teng raqobatlashishga umid qilishi mumkin.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid