Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ryanair reysida illyuminator sindi, yo‘lovchi jarohatlandi
Gretsiyadan Germaniyaga parvoz qilayotgan Ryanair aviakompaniyasi samolyotida favqulodda holat yuz berdi. Parvoz vaqtida yo‘lovchi illyuminatori singach, oyna yonida o‘tirgan erkakni havo bosimi ta’sirida tashqi tomonga tortib ketdi. Uni boshqa yo‘lovchilar qiyinchilik bilan samolyot ichida ushlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Hodisa 10 iyul kuni Saloniki shahridan Germaniyaning Memmingen shahriga yo‘l olgan Boeing 737-800 rusumli samolyotda sodir bo‘lgan. Bu haqda voqea guvohlari Gretsiyaning Radio Thessaloniki radiostansiyasi hamda Germaniyaning dpa agentligiga ma’lum qilgan.
Guvohlarning aytishicha, illyuminator singanidan keyin 61 yoshli Serbiya fuqarosining boshi va yelkalari samolyot tashqarisiga chiqib ketgan. Uni havo oqimi tortib ketmasligi uchun bir nechta yo‘lovchi birgalikda ushlab qolgan.
Shu payt samolyotda kislorod niqoblari avtomatik ravishda tushgan. Uchuvchilar favqulodda vaziyat tufayli parvozni davom ettirmasdan, samolyotni orqaga — Saloniki aeroportiga qaytarishga qaror qilgan.
Jabrlangan yo‘lovchi tez yordam orqali shifoxonaga yetkazilgan. Ma’lum qilinishicha, u jiddiy jarohat olmagan. Qolgan yo‘lovchilar esa zaxira samolyoti orqali Germaniyaga yetkazilgan.
Gretsiya ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, hodisa Shimoliy Makedoniya hududi ustida, taxminan 6 ming metr balandlikda sodir bo‘lgan. ERT telekanali tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, illyuminator samolyot dvigatelidan uzilib chiqqan ehtiyot qism zarbasi oqibatida shikastlangan bo‘lishi mumkin.
Hodisa yuzasidan rasmiy tergov boshlangan.
https://t.co/irpmyrhulK - Exclusive new video: This is the passenger from the terrifying Thessaloniki–Munich flight - https://t.co/TLuPz89XmJ#RThess #Θεσσαλονικη #Thessaloniki pic.twitter.com/i7pSUMbRB4
— Rthess.gr (@RThessaloniki) July 10, 2026
Ryanair aviakompaniyasi esa hozircha qisqa bayonot bilan chiqib, samolyot parvoz boshlanganidan ko‘p o‘tmay yo‘lovchi illyuminatorida germetiklik buzilganini tasdiqladi. Kompaniya hodisaning aniq sabablari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot bermagan.