Texnologiya | 18:33
744
2 daqiqa o‘qiladi

Bigme ikkita ekranli HiBreak Dual 2 smartfonini taqdim etdi

Bu smartfonda ikkita to‘laqonli ekran bo‘lib, ular korpusning har ikki tomoniga joylashtirilgan.

Foto: kickstarter.com

Xitoyning Bigme kompaniyasi ikki ekranli HiBreak Dual 2 smartfonini e’lon qildi. Kichik dumaloq displeyli avvalgi modeldan farqli o‘laroq, bu smartfonda ikkita to‘laqonli ekran bo‘lib, ular korpusning har ikki tomoniga joylashtirilgan.

Bir tomoniga 6,13 dyuymli E-Ink displeyi o‘rnatilgan. Uning oq-qora versiyasi 1648 × 824 piksel aniqligiga ega. Rangli varianti esa unchalik tiniq bo‘lmasa-da, minglab tuslarni aks ettiradi. Yangilanish chastotasi qo‘llab-quvvatlanadigan rejimlarda 80 Gs gacha yetadi.

Smartfonning ikkinchi tomonida 1280 × 720 piksel aniqligidagi 5 dyuymli SK-displeyni ko‘rasiz. U video tomosha qilish, ijtimoiy tarmoqlar va o‘yinlar uchun mo‘ljallangan. Bu tomonda, shuningdek, 50 megapikselli kamera va yuz orqali qulfdan chiqarish funksiyasi ham bor.

Smartfon ichiga 12 yoki 16 GB tezkor va 256 yoki 512 GB ichki xotiraga ega MediaTek Dimensity 8300 protsessori o‘rnatilgan. Qurilma Android 16 tizimida ishlaydi, biroq Bigme unga o‘zining dasturiy takomillashtirishlarini qo‘shgan.

Avtonom ishlashi uchun 4450 mA·soat sig‘imli batareya mas’ul. SK-ekrandan faol foydalanilganda uning quvvati taxminan bir kunga yetadi. E-Ink esa deyarli quvvat sarflamaydi, shu sababli undan kitob o‘qiganda gadjet bir necha barobar uzoqroq ishlaydi. Shuningdek, 30 Vt quvvatli tezkor zaryadlash funksiyasi ham mavjud.

Aloqa uchun 5G, Bluetooth 5.3 va Wi–Fi modullari mas’ul. Bundan tashqari, stereodinamiklar, quvvat tugmasiga o‘rnatilgan barmoq izi skaneri va stilusni qo‘llab-quvvatlashini ham ta’kidlash joiz.

Kickstarter platformasida asosiy oq-qora versiya 600 dollar turadi. Rangli model yoki 16 GB xotirali variant esa 800 dollarga tushadi. To‘plamga g‘ilof kiradi, biroq stilusni alohida sotib olish kerak. Yetkazib berish kuzga rejalashtirilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid