Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Surxondaryoda o‘ta issiq kunlarda og‘ir yuk avtomobillari harakati cheklanadi
Surxondaryo viloyatida anomal issiq havo sharoiti sabab og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Chora avtomobil yo‘llari qoplamasini saqlash va ularning muddatidan oldin shikastlanishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.
Surxondaryo viloyatida o‘ta issiq ob-havo sharoitida avtomobil yo‘llari qoplamasini saqlash maqsadida og‘ir yuk mashinalari harakatiga vaqtincha cheklov joriy etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda kunduzi havo harorati +42...+44 darajagacha, ayrim hududlarda esa undan ham yuqori ko‘rsatkichlargacha ko‘tarilmoqda. Bunday sharoitda asfalt-beton qoplamasining harorati +70...+80 darajagacha yetib, yo‘lning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yuqori harorat ta’sirida og‘ir yuk avtomobillari harakati yo‘l qoplamasida g‘ildirak izlari, deformatsiyalar va boshqa texnik nuqsonlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu munosabat bilan davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qurilgan hamda ta’mirlangan avtomobil yo‘llarini asrash maqsadida Termiz shahri, tuman markazlari va ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillari harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi.

Mazkur cheklovlar O‘zbekiston Respublikasining «Yo‘l harakati to‘g‘risida» va «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunlari talablari asosida joriy etilmoqda.
Mutasaddilar haydovchilar, yuk tashuvchi korxona va tashkilotlardan belgilangan cheklovlarga qat’iy rioya qilish, yuk tashish vaqtini oldindan rejalashtirishni so‘radi.
Qayd etilishicha, ushbu choralar yo‘l infratuzilmasini asrash, harakat xavfsizligini ta’minlash va avtomobil yo‘llarining xizmat muddatini uzaytirishga qaratilgan.