O‘zbekiston | 08:58
6821
2 daqiqa o‘qiladi

Ikki viloyatda pora talab qilgan mansabdorlar qo‘lga olindi

Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida mansabdor shaxslarning pora talab qilish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Tezkor tadbirlar davomida ikki holatda ham gumonlanuvchilar pora mablag‘ini olgan vaqtda ushlandi.

Toshkent shahrida Davlat mulki obektlaridan samarali foydalanish markazining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha shartnomani rasmiylashtirish, ijara haqini kamaytirish hamda 2025 yil uchun qarzdorlikni bartaraf etish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida esa Elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari jinoyat ishlari bo‘yicha sudda fuqaroviy da’vogar sifatida ishtirok etayotgan holda, korxona manfaatlariga yetkazilgan 103 million so‘m zararni tanishlari orqali 34 million so‘mga kamaytirib berishini aytgan.

Ushbu «xizmat» evaziga u fuqarodan 17 million so‘m talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs pul mablag‘ini turmush o‘rtog‘i orqali olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid