Jahon | 10:15
1347
8 daqiqa o‘qiladi

Ahmadinajod atrofidagi shov-shuv: Isroil uni og‘dirib olmoqchi bo‘lganmi?

New York Times nashri Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod Isroil bilan aloqalarga egaligi haqida yozib chiqdi. Siyosatchining idorasi bu da’volarni rad etdi. Kun.uz suhbatlashgan siyosatshunoslar bunday xabarlardan maqsad Eron ichkarisida tarqoqlik keltirib chiqarishga urinish bo‘lishi mumkinligini aytmoqda, chunki Ahmadinajod prezidentligi davrida Isroilga qarshi murosasiz ritorikasi bilan tanilgan edi.

New York Times va Isroildagi ayrim nashrlaridagi da’volarga ko‘ra, Isroil razvedkasi Mossad 2022 yildan boshlab Mahmud Ahmadinajod bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilgan. 2024-2025 yillarga kelib, Vengriyaning Budapesht shahrida yashirin uchrashuvlar bo‘lib o‘tgani, hatto o‘sha paytdagi Mossad rahbari David Barnea ham uchrashuvlardan birida qatnashgani aytilyapti.

Xabarlarda Isroil tomoni go‘yoki Ahmadinajodni Eronda rejim almashgan taqdirda yangi hokimiyatning yuzi sifatida ko‘rishni istagani, shuningdek, uning safarlari va yashash xarajatlarini Isroil tomoni qoplagani haqida ham da’volar keltirilgan.

Ahmadinajodning rasmiy idorasi bu xabarlarni qat’iy rad etdi va ularni “to‘liq yolg‘on” deb atadi.

Yuqoridagi nashrlar Ahmadinajod Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan uy qamog‘iga olingani haqida ham yozmoqda.

Provokatsiya ehtimolini soqit qilib bo‘lmaydi”

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

— O‘tgan yil iyun oyida va joriy yil fevralida Eronga yirik hujumlar uyushtirildi. Fevral oyidagi hujumda Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy hamda siyosiy va harbiy elitaning muhim vakillari halok bo‘ldi. Shu voqealar ortidan axborot maydonida bir da’vo faol tarqatildi, go‘yoki barcha yuqori martabali qo‘mondonlar yo‘q qilingan, faqat “Al-Quds” kuchlari qo‘mondoni general Qosimiy tirik qolgan va bu uning kimlargadir xizmat qilayotganidan dalolat emish. Biroq keyinchalik Imom Xominaiyning dafn marosimida general Qosimiy ishtirok etdi.

Eron – mafkuraviy davlat bo‘lib, siyosiy elita ichidagi xiyonat masalasiga keskin munosabat bildiradi. Agar yuqori lavozimli amaldorning xiyonati isbotlansa, uning javobgarliksiz qolishi deyarli mumkin emas. General Qosimiyga nisbatan ilgari surilgan da’volar esa tasdiqlanmadi. O‘sha paytda bu mavzu asosan Amerika va Isroil axborot maydonida faol muhokama qilingan edi.

Bugun Mahmud Ahmadinajod haqida ham shunga o‘xshash da’volar ilgari surilmoqda. Biroq Toshkentda turib, ishonchli dalil va faktlarsiz u yoki bu xulosani chiqarish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunday masalalarda vaziyatni kuzatish va tasdiqlangan ma’lumotlargagina tayanish lozim.

Eron ichida siyosiy parokandalikni kuchaytirish, elita o‘rtasidagi ishonchni yemirish, turli guruhlarni bir-biriga qarshi qo‘yish va natijada siyosiy tizimni zaiflashtirish AQSh hamda Isroilning strategik manfaatlaridan biri sifatida talqin qilinadi. Shu nuqtayi nazardan, ayrim ayblovlar axborot-psixologik ta’sir yoki siyosiy provokatsiyaning bir qismi bo‘lishi ehtimolini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Mahmud Ahmadinajod Eron prezidenti lavozimida ikki muddat faoliyat yuritgan. Aynan uning prezidentligi davrida Eronning Isroilga nisbatan eng keskin siyosiy ritorikasi kuzatilgan.

Ko‘plab tahlilchilar fikricha, bu bayonotlar Eronning xalqaro maydondagi mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Agar davlatning haqiqiy maqsadi raqibiga bosim o‘tkazish yoki zarar yetkazish bo‘lsa, bunday niyat odatda ochiq bayonotlar bilan emas, puxta rejalashtirilgan amaliy harakatlar orqali namoyon bo‘ladi. Shu jihatdan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Isroilni tanqid qiluvchi bayonotlari ham, odatda, xalqaro huquq doirasidan chiqmaydi.

Ahmadinajod esa Isroilni yo‘q qilish haqidagi keskin va hissiy bayonotlari bilan tanilgan edi. Aynan shu ritorika G‘arb davlatlarining Eronga nisbatan yanada jipslashishiga hamda qo‘shimcha sanksiyalar joriy etilishiga xizmat qilgan omillardan biri sifatida baholanadi. Siyosatda aytiladigan gap bilan amalga oshiriladigan ish ko‘pincha bir-biridan farq qiladi. Davlatlar strategik maqsadlarini odatda oldindan oshkora e’lon qilmaydi. Shu ma’noda Ahmadinajodning siyosiy uslubi Eron rahbarlari orasida o‘ziga xos edi.

U Eron tarixidagi diniy unvonga ega bo‘lmagan ilk prezidentlardan biri hisoblanadi. Undan avval prezidentlik qilgan Ali Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy va Muhammad Xotamiy ruhoniylar safidan chiqqan edi. Hozirgi prezident Mas’ud Pizishkiyon ham diniy martabaga ega emas. Ahmadinajodning siyosiy qarashlarida islomiy mafkuradan ko‘ra, Eron milliy davlatchiligi va millatchilik g‘oyalari kuchliroq namoyon bo‘lgan, degan qarashlar mavjud. Shunga qaramay, Eron tarixida Isroilga nisbatan eng keskin siyosiy pozitsiyani namoyish etgan prezident sifatida aynan Mahmud Ahmadinajod tilga olinadi.

Umrbek Yusupov, siyosiy tahlilchi:

— Aynan shunday xabarlarni tarqatishdan ko‘zlangan maqsad provokatsiya bo‘lishi ham mumkin. Mahmud Ahmadinajod shaxsiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u doimo shov-shuvli siyosatchi sifatida tanilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi deyarli har bir nutqi xalqaro rezonans uyg‘otgan, Isroilga nisbatan keskin pozitsiyasi bilan u nafaqat Eron, balki xalqaro siyosatda ham o‘ziga xos siyosiy obraz yaratgan. Shu sababli u xalqaro siyosiy xotirada hanuz muhim figuradir.

Agar kelajakda Eronda siyosiy vaziyat barqarorlashib, hokimiyat ichidagi ta’sir doiralari qayta shakllana boshlasa, Ahmadinajod tajribali siyosatchi sifatida ehtimoliy nomzodlardan biri bo‘lishi mumkin. Aynan shu omil uning nomi atrofidagi turli mish-mishlar va axborot kampaniyalarining sabablaridan biri bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Bugungi Eron siyosatida tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, parlament raisi Muhammad Boqir G‘olibof, prezident Mas’ud Pizishkiyon hamda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi rahbariyatining manfaatlari har doim ham to‘liq mos kelmaydi.

Shunday murakkab siyosiy muhitda Ahmadinajod kabi tajribali siyosatchining ehtimoliy nomzod sifatida maydonga chiqishi amaldagi elita uchun qo‘shimcha siyosiy omilga aylanishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, uning siyosiy faolligini cheklash yoki hech bo‘lmaganda nazorat ostida ushlab turishga intilish amaldagi siyosiy guruhlar manfaatlariga mos kelishi ehtimolini ham istisno qilib bo‘lmaydi.

Yana bir jihatni unutmaslik kerak. Erondagi bugungi siyosiy jarayonlarning ildizi avvalgi ommaviy norozilik namoyishlari va ichki ijtimoiy tanglikka borib taqaladi. Bugun xalqaro muzokaralar va ichki siyosiy jarayonlarga nazar tashlansa, ko‘plab masalalar yana o‘sha boshlang‘ich nuqtaga qaytayotgandek taassurot uyg‘otadi. Kelajakda shakllanishi mumkin bo‘lgan yangi Eron hukumatiga inson huquqlari tamoyillariga rioya etish, o‘lim jazosini cheklash hamda demokratik islohotlarni jadallashtirish kabi talablar ilgari surilishi ehtimoli yuqori. Bunday sharoitda xalqaro maydonda tanilgan, siyosiy tajribaga ega va muzokara olib borish salohiyatini namoyish eta oladigan siyosatchilarga ehtiyoj ortishi mumkin. Mahmud Ahmadinajod ana shunday ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida tilga olinmoqda.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid