Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Erondagi harbiy obektlarga yangi zarbalar berdi
AQSh Qurolli kuchlari Eron hududidagi harbiy va infratuzilma obektlariga qarshi ikki bosqichli havo hujumini amalga oshirdi. Zarbalar portlar, havo mudofaasi tizimlari, raketa va dron majmualariga qaratilgan bo‘lsa, Eron javob tariqasida Bahrayn va Kuvaytdagi AQSh harbiy bazalariga zarbalar berganini ma’lum qildi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, birinchi bosqichda Amerika harbiy-havo kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi sohilida joylashgan Sirik porti hududidagi obektlarga zarba bergan. Shuningdek, Eronning yirik dengiz portlaridan biri — Bandar-Abbosga uch marta havo hujumi uyushtirilgan.
Eron ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Keshm oroli yaqinidagi baliq uni ishlab chiqarish zavodi ham hujum oqibatida qisman shikastlangan.
Bundan tashqari, Xuziston viloyatidagi Ahvoz shahri, shuningdek, Siston va Balujiston viloyatlarida joylashgan Rasak shahri va Kenarak porti atrofida ham portlashlar qayd etilgan.
CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi bosqichda Eronning qo‘mondonlik punktlari, havo mudofaasi tizimlari, raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari majmualari, shuningdek, qirg‘oq kuzatuv obektlari nishonga olingan. AQSh harbiylari bu hujumlar Eronning tijorat kemalari harakatiga tahdid solish imkoniyatini yanada cheklash maqsadida amalga oshirilganini bildirgan.
Hozircha mazkur hujumlar oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar borligi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Tanker ham nishonga olindi
AQSh harbiylari Fors ko‘rfazida Eron porti tomon harakatlanayotgan neft tankeriga ham zarba bergan.
CENTCOM ma’lum qilishicha, Kyurasao bayrog‘i ostida harakatlangan M/T Belma tankeri Xarg oroli tomon yo‘l olgan. Kema ogohlantirishlarga amal qilmaganidan keyin AQSh harbiy samolyoti uning tutun chiqaruvchi quvuriga Hellfire rusumli raketa uchirib, tankerni harakatdan to‘xtatgan.
AQSh 14 iyuldan boshlab Eron portlariga kirayotgan yoki ulardan chiqayotgan kemalarga nisbatan dengiz blokadasini qayta joriy etgan. Markaziy qo‘mondonlik ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar kuchga kirgan dastlabki bir sutka ichida ikki tijorat kemasi yo‘nalishi o‘zgartirilgan, yana bir kemaga nisbatan kuch ishlatilgan.
Eron javob zarbasini berdi
Eron rasmiylari AQSh hujumlariga javoban Bahrayn va Kuvaytda joylashgan Amerika harbiy bazalariga zarbalar berilganini ma’lum qildi.
IRIB telekanali xabariga ko‘ra, Bahrayndagi AQSh Dengiz kuchlarining Beshinchi floti qarorgohida kamida o‘nta portlash sodir bo‘lgan. Mehr agentligi esa Kuvaytdagi AQSh harbiy bazasi hududida ham portlashlar yuz berganini xabar qildi.
Hujumlar ortidan Saudiya Arabistoni va Iordaniya o‘z havo hududining bir qismini vaqtincha yopgan.
Eron axborot agentliklari, shuningdek, Islom inqilobi muhofizlari korpusining havo mudofaasi kuchlari AQShga tegishli MQ-9 uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirganini da’vo qilmoqda.
Jyey Di Vens: «Jarayon to‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda»
AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Eron bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolishini ta’kidlar ekan, Vashington tanlagan yo‘lni to‘g‘ri deb baholadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jarayon to‘xtalishlar va qayta faollashishlar bilan kechishi mumkin, ammo umumiy yo‘nalish ijobiy hisoblanadi.
Vens shuningdek, AQSh hozirda Eronga nisbatan iqtisodiy bosimni saqlab qolayotgani, bir vaqtning o‘zida Tehron rahbariyatining nisbatan pragmatik vakillari bilan muzokaralarni ham davom ettirayotganini bildirdi.
Mavzuga oid
22:58 / 15.07.2026
AQShda Tramp tasvirlangan 1 dollarlik tanga chiqariladi
20:20 / 15.07.2026
Tramp Erondagi ko‘priklar va elektr stansiyalarini portlatish bilan tahdid qildi
18:51 / 15.07.2026
Tramp jinsiy zo‘ravonlik va tuhmat ishi bo‘yicha 5 million dollar to‘ladi
18:11 / 15.07.2026