Jahon | 10:48
1452
3 daqiqa o‘qiladi

AQShning Eronga zarbalari oltinchi kecha ham davom etdi

AQSh Qurolli kuchlari Eron hududidagi bir qator obektlarga navbatdagi zarbalarni amalga oshirdi. Vashington bu hujumlar Eronning harbiy salohiyatini yanada zaiflashtirishga qaratilganini bildirgan bo‘lsa, Tehron esa javob zarbalari berilganini ma’lum qildi.

Foto: REUTERS

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lumotiga ko‘ra, yangi hujumlar 16 iyul kuni boshlangan. Bu AQShning Eronga qarshi olib borayotgan harbiy operatsiyalarining oltinchi kechasi bo‘ldi.

CENTCOM bayonotida aytilishicha, zarbalarning asosiy maqsadi Eronning harbiy imkoniyatlarini yanada cheklash va uning jangovar salohiyatini pasaytirishdan iborat.

Biroq Eron davlat telekanali Press TV AQSh hujumlari harbiy emas, balki fuqarolik infratuzilmasiga ham zarar yetkazganini iddao qildi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Xurmuzgon viloyatidagi uchta ko‘prik, Bandar-Abbos shahridagi turar joy hududi, Fors ko‘rfazidagi Kish orolida joylashgan elektr podstansiyasi hamda Bandar-Abbos va Eronshahr aeroportlari yaqini nishonga olingan.

Shuningdek, Eron ommaviy axborot vositalari mamlakatdagi yagona fuqarolik atom elektr stansiyasi joylashgan Bushehr shahri atrofida ham portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.

Press TV ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgan, yana 15 nafar inson turli darajada jarohat olgan.

Hujumlardan so‘ng Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) mamlakat armiyasi bilan hamkorlikda mintaqadagi AQSh harbiy obektlariga javob zarbalari berilganini ma’lum qildi.

AFP agentligi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning Tasnim axborot agentligi harbiy manbalarga tayanib, dronlar yordamida Bahraynda joylashgan Sahir aviabazasidagi AQSh harbiy vertolyotlari va razvedka samolyotlari nishonga olinganini xabar bergan.

Shu bilan birga, Kuvayt armiyasi mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron tomonidan uchirilgan raketa va dronlarni qaytarishga jalb etilganini ma’lum qildi. Bahrayn rasmiylari esa xavf tufayli ogohlantiruvchi sirenalar ishga tushirilganini tasdiqladi.

AQSh va Eron o‘rtasida 17 iyun kuni jangovar harakatlarni to‘xtatish hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadani bekor qilishni nazarda tutuvchi ramkaviy kelishuv imzolangan edi. Biroq 25 iyun kuni Eronga tegishli dron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan fuqarolik tankeriga hujum qilganidan so‘ng vaziyat yana keskinlashdi. AQSh bu voqeaga javoban Eron hududiga bir nechta zarbalar bergan.

8 iyul kuni NATOning Anqaradagi sammitida so‘zlagan AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan tuzilgan anglashuv memorandumi amal qilishdan to‘xtaganini ma’lum qildi. 13 iyul kuni esa u AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘z nazoratiga olganini aytdi. Keyinchalik Tramp Eron kelishuvga rozi bo‘lmaguncha hujumlar davom etishini va zarurat tug‘ilsa mamlakatning elektr stansiyalari hamda ko‘priklari ham nishonga olinishini bildirdi.

Ayni paytda mojaro ishtirokchilari tomonidan bildirilgan ayrim iddaolar mustaqil manbalar tomonidan to‘liq tasdiqlanmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid