Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qaysi davlatlarda aholining aksariyati o‘z uyiga ega?
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining yangi ma’lumotlariga ko‘ra, aholining shaxsiy uy yoki kvartiraga egalik darajasi mamlakat boyligiga emas, ko‘proq uy-joy siyosati, xususiylashtirish tarixi, ipoteka shartlari va ijara bozorining rivojlanganligiga bog‘liq. Reytingda Slovakiya birinchi, Shveytsariya esa oxirgi o‘rinni egalladi.
Shaxsiy uy yoki kvartiraga ega bo‘lish an’anaviy ravishda moliyaviy farovonlikning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Biroq uy-joy egalari ulushi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlar har doim ham dunyoning eng boy davlatlari emas.
OECD Affordable Housing Database ma’lumotlari uy-joyga egalik darajasiga aholi daromadidan ko‘ra davlatning tarixiy uy-joy siyosati ko‘proq ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatmoqda.
Reytingda birinchi o‘rinni Slovakiya egallagan. Bu mamlakatda uy xo‘jaliklarining 93,5 foizi shaxsiy uy yoki kvartiraga ega. Keyingi o‘rinlarda Ruminiya va Xorvatiya joylashgan.
Umuman olganda, reytingning yuqori pog‘onalarini hozirgi va sobiq sotsialistik davlatlar egallagan. Birinchi o‘nlikka Litva, Bolgariya, Polsha va Latviya ham kirgan.
Rossiyada 2026 yilda Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, aholining 87 foizi o‘ziga yoki oilasiga tegishli uy yoki kvartirada yashaydi.
Mutaxassislar bunday holatni ko‘p jihatdan sotsialistik tizim merosi bilan izohlaydi. Sotsialistik blok parchalanganidan keyin ko‘plab davlatlarda davlatga tegishli uy-joylar xususiylashtirilib, ularda yashagan fuqarolarga juda arzon narxlarda sotilgan.
Natijada qisqa vaqt ichida millionlab oilalar kvartira va uylarning to‘laqonli mulkdoriga aylangan.

Xitoy to‘rtinchi o‘rinda
Xitoy 90 foizlik ko‘rsatkich bilan reytingda to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Mamlakatda uy-joy egalari ulushining yuqori bo‘lishi 1990-yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli uy-joy islohotlari bilan bog‘liq.
O‘sha davrda davlat o‘z tasarrufidagi kvartiralarni ularda yashovchi aholiga imtiyozli narxlarda ommaviy ravishda sota boshlagan. Bu dastur ko‘chmas mulk egalari sonini tez oshirgan.
Shundan so‘ng ko‘chmas mulk millionlab xitoylik oilalar uchun asosiy aktiv va boylik jamg‘arishning eng muhim vositasiga aylangan. Hozir ham uy-joy bozori Xitoy iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Boy davlatlar reytingda pastroq
Dunyoning bir qator yirik iqtisodiyotlari reytingda ancha past o‘rinlarni egallagani e’tiborga molik.
Masalan, Germaniyada uy xo‘jaliklarining atigi 41 foizi shaxsiy uy-joyga ega. Shveytsariya esa 38,2 foizlik ko‘rsatkich bilan reytingdagi eng so‘nggi o‘rinni egallagan.
Ekspertlar bu holatni mazkur mamlakatlarda ijara bozori yaxshi rivojlangani bilan izohlamoqda. Germaniya va Shveytsariyada ijarachilar huquqlari kuchli himoya qilinadi, uzoq muddatli ijara shartnomalari keng tarqalgan va ijara shartlari nisbatan qulay.
Shu sababli bu mamlakatlarda ko‘pchilik uchun uy sotib olish majburiy ehtiyoj hisoblanmaydi. Aholining muayyan qismi shaxsiy uy-joy xarid qilish o‘rniga uzoq muddatli ijarada yashashni afzal ko‘radi.
Reyting natijalari uy-joyga egalik darajasi mamlakatning umumiy boyligiga emas, balki davlat uy-joy siyosati, ipoteka kreditlari shartlari, xususiylashtirish tarixi va ijara bozorining rivojlanishiga ko‘proq bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Shu bois aholi daromadlari nisbatan past bo‘lgan ayrim mamlakatlarda uy-joy egalari ulushi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini tashkil etadi. Ayni paytda ko‘plab boy davlatlar aholisi uy sotib olishdan ko‘ra uzoq muddatli ijarani ma’qul ko‘radi.
Mavzuga oid
10:16 / 02.07.2026
“Yangi uyda yashashni hamma xohlaydi” - toshkentliklar renovatsiyaga qanday fikrda?
13:04 / 24.12.2022
«Odamlarga ishonmay qo‘ydim» – uy sotib olib, rahmdilligi ortidan muammoga duch kelgan inson (Hayotiy hikoya)
13:10 / 28.04.2022
Ko‘p kvartirali uylar boshqaruv tizimlariga soliq imtiyozlari va vakolatlar berilmoqda
20:01 / 09.11.2021