Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: Xitoy 2020 yilgi AQSh saylovlariga aralashgan
AQSh prezidenti Donald Tramp millatga qilgan 25 daqiqalik murojaatida saylov tizimida «zaifliklar» mavjudligini ta’kidlab, razvedka organlarining avval maxfiy bo‘lgan ma’lumotlarini oshkor qilganini bildirdi. Uning aytishicha, ushbu materiallarda Xitoyning 2020 yilgi prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazishga uringaniga oid ma’lumotlar keltirilgan.
Trampning murojaati 17 iyul kuni Oq uyning rasmiy YouTube kanali orqali jonli efirda namoyish etildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasi 2020 yilgi saylov kampaniyasi davridan boshlab AQSh tarixidagi eng yirik saylov ma’lumotlari sizib chiqishi bilan bog‘liq operatsiyani amalga oshirgan bo‘lishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy tomoni 220 million nafar amerikalik saylovchiga oid shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan. Bu ma’lumotlar qatoriga ism-familiyalar, yashash manzillari, telefon raqamlari, partiyaviy mansublik hamda boshqa shaxsiy ma’lumotlar kiradi. Trampning iddaosiga ko‘ra, ushbu axborotlar sotib olingan, o‘g‘irlangan yoki kiberhujumlar orqali qo‘lga kiritilgan.
Prezident saylov tizimidagi boshqa muammolarga ham e’tibor qaratib, to‘rtta shtatda AQSh fuqarosi bo‘lmagan taxminan 278 ming kishi saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilganini aytdi.
Trampning fikricha, Xitoy qo‘lga kiritilgan ma’lumotlardan 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalariga ta’sir ko‘rsatish maqsadida foydalangan. Uning ta’kidlashicha, Pekin ma’muriyati uning saylovda mag‘lub bo‘lishini ta’minlashga uringan va buning uchun ovozlarni almashtirish hamda unga qarshi tanqidiy materiallar tayyorlagan amerikalik jurnalistlarga katta miqdorda mablag‘ to‘lagan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning bunday harakatlarga qo‘l urganiga sabablardan biri uning Pekinga nisbatan milliardlab dollarlik bojlar joriy etish hamda AQSh harbiy qudratini yanada kuchaytirish rejalari bo‘lgan.
Shu bilan birga, Tramp AQSh saylov tizimidagi mavjud zaifliklardan nafaqat Xitoy, balki Rossiya, Eron, Shimoliy Koreya va boshqa AQSh raqiblari, shuningdek, ayrim nodavlat guruhlar ham foydalanishi mumkinligini ta’kidladi.
Prezident razvedka ma’lumotlarining uzoq yillar davomida oshkor etilmaganida AQSh maxsus xizmatlaridagi «chuqur davlat» (deep state) vakillarini aybladi. Uning fikricha, ular Xitoyning ehtimoliy aralashuviga oid ma’lumotlarni qasddan yashirib, ham prezidentdan, ham Amerika jamoatchiligidan sir tutgan.
Shu munosabat bilan Tramp Milliy razvedka direktori boshqarmasi, Adliya vazirligi, FTB va Markaziy razvedka boshqarmasini mazkur holatni to‘liq tekshirishga chaqirdi. Shuningdek, u ma’lumotlarni yashirishga aloqador shaxslarni ishdan bo‘shatish va yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish lozimligini bildirdi.
Ayni paytda Trampning mazkur bayonotlarida keltirilgan iddaolar bo‘yicha mustaqil tasdiq yoki rasmiy tergov xulosalari ommaga taqdim etilmagan.