Jahon | 22:21 / 17.07.2026
3419
9 daqiqa o‘qiladi

Urush yana qaytalandi. Nega?

Shu kunlarda AQSh – Eron urushi qaytalanishi bilan bog‘liq ko‘p versiyalar o‘rtaga chiqdi. Putinning faylasufi Dugin «senator Gremni isroilliklar o‘ldirib, Trampga signal yubordi», deb chiqdi. Bu versiya Eronda ham takrorlandi. Urush qaytalanishi Gremning o‘limi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelishi gumonlarni oshirdi. Bundan tashqari, Trampning sobiq targ‘ibotchisi hozir Isroil piari uchun ishlayotgani atrofida yana bir mojaro avj oldi.

Sirli o‘lim

Lindsi Grem o‘lgani haqida tayyorlagan videomizda bir gapni aytgandim: bunaqa katta odamlarning burni qonasa ham, ming xil shubha-gumon o‘rtaga chiqadi. Balki senator Grem qon bosimi ko‘tarilib o‘lgandir, tomog‘iga biror nima tiqilib o‘lgandir, issiqdan dimiqib o‘lgandir (bunaqa issiqda qancha odam o‘lib ketdi), 71 yoshli chol har nimadan o‘lishi mumkin. Lekin shu chol butun dunyo taqdiriga ta’sir qilayotgan odamning yaqin maslahatchisi ekani vaziyatga boshqacha qarashga undaydi. Konspirologlar endi istaganicha versiyalarni aytib chiqaveradi, senator go‘rdan chiqib aslida mana bunaqa bo‘lgandi, deyolmaydi-ku, to‘g‘rimi?

Xullas, senator Grem ayni Tramp Eronga zarbalarni tiklagan vaqtda «oyog‘ini uzatib yuborgani» gapni ko‘paytirdi. Eron va Rossiyadan bir xil versiya tarqala boshladi: emishki, senatorni Isroil o‘ldirib Eron bilan urushning o‘rtasida tashlab ketayotgan Trampga signal yuboribdi. Putinning faylasufi ekani aytiladigan, Rossiya prezidenti bilan rad etib bo‘lmaydigan darajada yaqinligi bor Aleksandr Dugin ana shu versiya ommalashishini boshlab berdi.

Avvalo Dugin o‘limidan bir kun avval Ukrainaga borib dron zavodida rasmga tushgan Gremning o‘limi «Rossiya uchun Xudoning in’omi» dedi. Keyin uni Mossad o‘ldirib, Trampga signal yubordi degan versiyani o‘rtaga tashladi. Aytib qo‘yay, men Duginning birorta gapiga ishonmayman, uni ashaddiy propagandachi deb bilaman, lekin bu «faylasuf»ning gapini Eron muhofizlar korpusiga aloqador kanallar tarqatgani e’tiborga molik. Telegram'dagi 500 mingga yaqin obunchasi bor korpus faoliyatini yoritadigan kanal Duginning postini ulashib, uni quvvatlab izoh ham yozdi. Ya’ni, Tehronda ham shu tariqa senator Grem Isroil nishoni bo‘lgani haqida versiyani quvvatlashdi.

Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: senator Grem Tramp Isroil uchun Eronda urush boshlashiga undagan odam bo‘lsa, isroilliklar uni nega o‘ldirsin? Chindan shunaqa, senator Grem Erondagi urush tarafdori edi. Yuqoridagi versiyani ilgari surayotganlar mantig‘iga ko‘ra, Tramp Eronga qarshi yetarlicha keskin urushmayotgani Gremni nishonga aylantirgan bo‘lishi mumkin.

Isroil Amerika Eron bilan hech qanday kelishuv tuzishni istamasligi bor gap. Tramp Eron bilan kelishish uchun 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi imzolaganida Isroil bundan qanday norozi bo‘lganini eslang. Bu esa Gremning o‘limi bilan bog‘liq versiyalarni ko‘paytirishi tabiiy.

Trampga qarshi kampaniya?

Shu kunlarda TIME nashrida qiziq surishtiruv e’lon qilindi. Unda aytilishicha, amerikalik mulozimlardan biri 17 iyun kuni Tramp Eron bilan kelishganidan keyin bir qator respublikachilar AQSh prezidentini tanqid qilib chiqqqaniga e’tibot qaratgan. Trampning yordamchilari partiyada sulhni bayramdek nishonlashlarini kutgan, lekin konservatorlar (aksari MAGAchilar) birin-ketin Trampni «urushni o‘rtasida tashlab ketishda» ayblay boshlagan.

Ularning gaplarini Isroil nashrlari sarlavhalarga olib chiqqan, bir necha kishi Qatar amiri go‘yoki vitse-prezident Vensni rad etgani haqida videoni ulashib, bu Yaqin Sharq liderlarining Trampga munosabatini bildirishi mazmunida yozgan. Bir guruh konservatorlar Trampni Eron yadro dasturi yo‘q qilinmay turib kapitulyatsiya bo‘lishda ayblagan. Va mulozim bu postlar bir vaqtda, juda o‘xshash ohangda e’lon qilinganiga e’tibor qaratib, bu yerda bir gap bor degan xulosaga kelgan.

Mulozim juda ko‘p tvitlarni tahlil qilib, ularni birlashtiradigan bir odamga yetib borgan: Bred Parskeyl. Bu odam Donald Trampning ikkita prezidentlik kampaniyasi davrida uning internetda targ‘iboti bilan shug‘ullangan, prezidentlik kampaniyasidagi muhim odamlardan biri.

TIME o‘rgangan hujjatlarda aytilishicha, Isroil tomoni Parskeylni o‘z targ‘iboti uchun oyiga 1,5 million dollar maosh to‘lab yollagan. Uning shirkati har oy Isroilni piar qiluvchi 100 ta original material tayyorlashi kerak bo‘lgan. Bu materiallaning 80 foizi Z avlod uchun, ya’ni Tik-Tok'da joylash uchun. Shuningdek, YouTube, Instagram uchun videolar, podkastlar qilinishi ko‘zda tutilgan.

Trampni targ‘ib qiluvchi Parskeyl har oy Isroil targ‘ib qilingan materiallar 50 million marta ko‘rilishini kafolatlagan. Unga ishonib Clock Tower X shirkatiga oyiga 1,5 million dollardan tashlab berishgan.

Surishtiruvda aytilishicha, buyurtmachilar yosh konservatorlar orasida Isroil obro‘si tushib ketishidan xavotirlanib, Trampning targ‘ibotchisiga yuzlanishga qaror qilgan. Parskeyl yoshlar orasida Isroil obro‘sini oshira olishini aytgan. TIME targ‘ibotchidan bu borada izoh so‘raganda Parskeyl hech qachon Trampni obro‘sizlantirish bilan shug‘ullanmaganini aytgan.

Surishtiruvda Trampni obro‘sizlantirish mazmunida yozilgan postlar uchun Parskeyl asos solgan yoki yuritadigan shirkatlar orqali pul berilgani, shirkatlar nomi ham yozilgan. Maqolada aytilishicha, bitta post uchun 4 ming dollardan ko‘proq to‘langan bo‘lishi ham mumkin. Targ‘ibotchi 7 oktyabr teraktidan keyin Isroil kompaniyalari Isroilni qo‘llab-quvvatlash uchun u bilan shartnoma qilganini tan olgan, lekin nomlarini aytmagan.

Bir narsaga e’tibor berish kerak. G‘azoda urush boshlangach, Isroil chindan axborot urushida yengila boshladi. HAMAS Isroil hujum qilganidan keyin ham tarmoqda asosan Isroil qoralandi, Falastin yerlariga bostirib kirganiga urg‘u berildi. Isroil qoralangan postlar uchun hech kim pul to‘lamagani tushunarli.

Vaziyat shunchalikka bordiki, Taker Karlson kabi ashaddiy konservatorlar Isroilni qoralay boshladi. Karlson hozir «Isrloil manfaatlariga xizmat qilayotgani uchun» respublikachular partiyasini qo‘llashni ham to‘xtatdi. Ya’ni, bu surishtiruvda gaplar osmondan olinmagan, ularda asos bor, mantiq bor.

Donald Tramp urushni nega tiklaganini hech qanaqasiga tushutirib berolmaydi. 17 iyundan kelishuvdan keyin biror katta ish bo‘lmadi urushni tiklashga asos bo‘ladigan. Trampga suiqasd qilinmadi, birorta dron Amerikagacha yetib borgani yo‘q, Perl-Harborga ham hujum qilinmadi. Tramp tugatish ustida ishlayotgan urushni hech qanday asossiz tiklab yubordi. To‘g‘ri, Amerika Eronni bombalashni boshladi, lekin endi har qanday yangi eskalatsiya Eronning foydasiga ishlaydi xolos.

Tramp bilan bir vaqtlar yaqin bo‘lgan tanqidchilar yangi eskalatsiya quruqlik operatsiyaga aylanib ketishi mumkinligini ham istisno qilmayapti. Ko‘rdingizmi bu mantiqsiz urush Amerika uchun qanchalik jiddiy muammolar keltirib chiqarganini? Urush ana shunaqa narsa, unda yuzaga kelgan xaos tushingga ham kirmaydigan ssenariylarni keltirib chiqaradi.

Odamlar yana Epstiynni eslaydi, uning orolini, Trampning u bilan tushgan suratlarini gapiradi, u yerda nimadir bo‘lgan deydi, Epstiyn Isroil bilan aloqador bo‘lgan deydi. Shu sabab hech qachon urush boshlamaslik kerak. Ayniqsa internet davrida, istalgan odam nima qilayotganini bilish muammo bo‘lmagan davrda urushib bo‘lmaydi.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid