Jahon | 19:46 / 03.05.2016
13747
3 daqiqa o‘qiladi

So‘z erkinligi tarixiga nazar

Insoniyat dunyoqarashining kengayishida ommaviy axborot vositalari, xususan, matbuotning o‘rni beqiyosdir. Matbuot tarixiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, u orqali insonlar dunyo yangiliklarini bilib turishgan.
Turli davrlarda matbuotdan keyin OAVning radio, televideniye kabi turlari, ayniqsa, internet paydo bo‘lgach, insoniyat ongi va dunyoqarashi tubdan o‘zgardi. Ulardan to‘g‘ri foydalanish va axborotlarni tahlil qilish esa kishidan mustaqil fikr, bilim va tafakkurni talab etdi.

Matbuotning ilk ko‘rinishlari XV asrning o‘rtalarida Yevropada yuzaga kelgan, qariyb besh asr mobaynida ya'ni, — radioeshittirish va televideniye paydo bo‘lgunga qadar kishilar o‘rtasida ommaviy muloqotning, bilim va g‘oyalar tarqatishning asosiy vositasi sanalgan. Dastlabki bosma nashrlar kitob, risola va varaqalardan iborat bo‘lgan, XVII asrning boshlarida gazetalar, keyinroq esa jurnallar nashr etila boshlangan.

XIX asrning o‘rtalarida axborot agentliklari vujudga keldi.

Gazeta va jurnallarning paydo bo‘lishi bilan "jurnalistika" atamasi ham shakllandi. XIX asrning o‘rtalarida vaqtli matbuotning rivojlanishi bilan jurnalistikaning mazmun doirasi kengayib, ko‘p qirrali jurnalistik faoliyatni anglata boshladi. Keyingi asrlarga kelib qator jurnalistik uyushmalar tuzildi: Xalqaro Jurnalistlar tashkiloti (1906), xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi (1952), Hamdo‘stlik mamlakatlari, shuningdek, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi va boshqalar. Afrikada erkin matbuot rolini oshirish maqsadida noshirlar, muharrirlar, jurnalistlar tomonidan “Vindxuks” dekleratsiyasi ishlab chiqilgan. YuNeSKO tomonidan 1991 yil 3 may Jahon matbuoti erkinligi kuni deb e'lon qilingan va dekleratsiya qabul qilinib, shu kunni bayram sifatida nishonlash belgilangan.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining, matbuotning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Sohaning huquqiy, qonunchilik bazasi mukammal shakllandi. Shuningdek, O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi. Bundan tashqari, Milliy matbuot markazi, Respublika ma'naviyat targ‘ibot markazi singari xizmatlar ham shakllandi.
Bir so‘z bilan aytganda, ayni kunda OAV aholiga tezkor axborot yetkazish, ularning tafakkur doirasi, dunyoqarashi va ma'naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati nihoyatda katta ekanligini hech kim inkor eta olmaydi. Ayniqsa, bugungi axborot asrida matbuotga bo‘lgan talab va ehtiyoj tobora ortib borayotganligini ochiq e'tirof etish joiz.

Mavzuga oid