Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil raketa to‘suvchi vositalar tanqisligi haqidagi xabarlarni rad etdi
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar mamlakatda Yaqin Sharqdagi urush sharoitida raketa to‘sib qoluvchi vositalar tugab borayotgani haqidagi xabarlarni inkor etdi. Bundan avval OAV Isroilda to‘sib qoluvchi raketalar “jiddiy darajada yetishmayotgani” haqida xabar bergan edi.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar OAVning Eron bilan urush sharoitida Isroilda ballistik raketalarni to‘sib qoluvchi vositalar tugab borayotgani haqidagi xabarlarini rad etdi. Shuningdek, u yaqin kunlarda Livan bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish rejalari haqidagi ma’lumotni ham inkor qildi.
“Har ikki savolga javob — yo‘q”, — dedi Saar 15 mart, yakshanba kuni Isroil shimolidagi Zarzir badaviy qishlog‘iga tashrifi chog‘ida jurnalistlarga.
Bundan bir kun oldin AQShning Semafor axborot portali Amerika amaldorlariga tayanib, Isroil hukumati Vashingtonga ballistik raketalarni to‘sib qoluvchi vositalarning “tanqidiy” darajada tanqisligi haqida ma’lum qilganini xabar bergan edi.
O‘z navbatida, Isroilning Haaretz gazetasi 14 mart kuni Isroil va Livan yaqin kunlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda, deb yozgan. Saar bu xabarlarni rad etar ekan, shunday dedi: “Agar Livan hukumati va Livan armiyasi biror narsani o‘zgartirishni istasa, ular Livan hududidan ‘Hizbulloh’ tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlarni to‘xtatish uchun chora ko‘rishi kerak”.
Isroil tashqi siyosat idorasi rahbari 13 mart kuni Eronning raketa hujumiga uchragan Zarzir badaviy qishlog‘iga tashrif buyurdi. Ushbu hujum natijasida 58 kishi yaralangan edi.
AQSh va Isroil 28 fevraldan beri Eronga havo hujumlari uyushtirmoqda. Buning natijasida Islom Respublikasining oliy rahbari Ali Xominaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari o‘ldirilgan. Eron esa Isroilga, Fors ko‘rfazidagi bir qator davlatlarga va mintaqadagi Amerika harbiy obektlariga zarbalar bilan javob qaytarmoqda.
Livandagi “Hizbulloh” harakati 2 mart kuni Eron tomonida turib urushga qo‘shilib, Isroilga raketa va dronlar bilan hujum qilganidan so‘ng, Isroil armiyasi ham Livan janubiga va Bayrutning janubiy chekkalariga — harakat infratuzilmasi joylashgan hududlarga zarbalar berdi. 15 mart kuni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan ushbu guruh Livan janubida Isroil armiyasi bilan “to‘g‘ridan to‘g‘ri” to‘qnashuvlar bo‘lganini ma’lum qildi.