Sport | 22:54 / 05.05.2016
5767
3 daqiqa o‘qiladi

Klaudio Raneri: «Mahrez – bizning osmon, Vardi esa unda parvoz qiluvchi samolyotimiz»

«Lester» jamoasi bosh murabbiyi Klaudio Raneri APLning 37-turida «Everton»ga qarshi kechadigan uchrashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida chempionlikdan keyingi hissiyotlari haqida so‘zlab berdi.

«Men bunday bo‘lishini tasavvur qilmagandim. Lekin biz chin dildan ishladik. Hamma ham shunday qilganiga shubham yo‘q, lekin g‘olib bitta bo‘ladi. Bu safar bu bizga nasib etdi.

Bu mening qismatim. Men bu muvaffaqiyatga erishish uchun juda ko‘p mehnat qildim. Bu o‘ziga xos hodisa bo‘ldi. Buning uchun futbolchilarga, prezidentimizga, xodimlarga va muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Prezidentimiz jamoada xotirjamlik va ijobiy muhit yuzaga kelishini ta'minladi. Biz uni hech qachon asabiy holda ko‘rmadik. Men uchun bu juda muhim edi.

Mening ertagim quyi ligadagi «Kalyari»da boshlangandi. Mana endi men APLni yutdim –  yana qanday jamoa bilan deng, «Lester» bilan. Men endi bundan keyin bironta bukmekerga ishonmayman. Bu mavsumda ular juda qattiq yanglishdilar.

Menga katta nomlar kerak emas va men undaylarni jamoaning kiyim almashtirish xonasida ko‘rishni istamayman. Mening o‘z yigitlarim bor – ular alohida. Bizning safimizga keladigan futbolchi bizga moslasha olishi kerak bo‘ladi.

Men «Tottenhem» va «Chelsi» bahsini tomosha qildim. Tanaffus vaqtida menda tushlik vaqti edi. Men xotirjam edim, ikkinchi gol urilgach esa ko‘kka sapchiy boshladim.

Mettyu Jyeyms (jamoaning ijaradan qaytgan futbolchisi - tahr) tayyor. Balki, uni ertangi o‘yinga o‘zim bilan olib ketarman.

Agar Mahrez – bizning charog‘on osmonimiz bo‘lsa, Vardi – undagi parvoz qiluvchi samolyotimiz, u bizning qirolligimizning harbiy-havo kuchlari.

Qachonki barchasi joyida bo‘lsa menga matbuot anjumanlari yoqadi. Men jurnalistlarni hurmat qilaman, ularning ishi yengil emas.

Muxlislar haqida ham gapirsam. Ular uxlashga yotishadi va tush ko‘rishadi. Men dili-din, dili-don deya afsun so‘zlarimni aytaman va ular uyg‘onib, tushlari haqiqatga aylanganiga guvoh bo‘lishadi.

Men mutafakkirman, shunchaki yomon hunarmand emas [inglizcha so‘z o‘yini: Thinkerman, not Tinkerman]», – deydi Raneri.

Mavzuga oid