Jamiyat | 22:08 / 06.05.2016
11883
2 daqiqa o‘qiladi

Billboard 2015 yilda eng ko‘p haq olgan qo‘shiqchilar reytingini e'lon qildi

Amerikaning musiqiy jurnali Billboard 2015 yilda eng ko‘p daromad olgan 40 nafar qo‘shiqchi va guruh ro‘yxatini chop etdi. Birinchi o‘rinni o‘zining 73,5 million dollarlik daromadi bilan Teylor Svift egalladi. 

Ro‘yxatning 2-o‘rnini 39,8 million dollar mablag‘ bilan kantri-xonanda Kenni Chesni zabt etdi. 3-pog‘ona britaniyaning The Rolling Stones guruhiga nasib etdi. Guruhning o‘tgan yildagi daromadi 39,6 millionni tashkil etadi. Shuningdek, ro‘yxatning birinchi o‘ntaligidan Billi Joel (31,7 million), One Direction (24,2 million), U2 (21,8 million) va Adel (20,5 million) o‘rin egallashdi.

Xonandalar to‘plagan asosiy daromad manbai – shubhasiz, konsertlar. Teylor Svift gastrollaridan 61,7 million dollar, albomlardan esa — 7,2 million dollar daromad olgan. 4,1 million dollarni mualliflik qo‘shiqlaridan, 564 ming dollarni esa tarmoqlardagi musiqa sotuvidan ishlab olgan. 
Adel esa 2015 yilda hech qanday konsert bermay turib, birgina albomi sotuvidan 16 million dollarga yaqin daromad to‘plagan. 

Shuningdek, reytingda Madonna — 14-o‘rin (12,7 million dollar), Britni Spirs — 22-o‘rin (10,6 million dollar), Pol Makkartni esa 33-o‘rinni (7,1 million dollar) qayd etdi.

Billboard tuzgan reyting Forbes jurnalining ma'lumotlaridan farq qiladi. Forbes reytingi bo‘yicha Teylor Svift 80 million dollar daromad to‘plagan bo‘lib, ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasini egallagan. Birinchi o‘rin esa xonanda Keti Perriga (135 million dollar daromad) nasib etgan.

Mavzuga oid