14:46 / 10.05.2016
7730

Mourino Indoneziya terma jamoasida ishlashga taklif etildi

Indoneziya sport vaziri Imom Nahraviy portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinoni futbol bo‘yicha mamlakat milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik uchun taklif etmoqchi. Bu haqda Goal.com nashri xabar tarqatgan.

FourFourTwo ma'lumotiga ko‘ra esa, Mourino taklifni qabul qilmagan taqdirda ayni vaqtda «nafaqaxo‘rlar» jamoasida Mourino o‘rniga mavsum oxirigacha ishlab turgan Guus Hiddink muqobil variant sifatida ko‘rilmoqda.

«Bu variant federatsiya prezidenti Joko Vidodo va Indoneziya Olimpiya qo‘mitasi rahbari Erik Tohir bilan muhokama qilindi. Bu oson bo‘lmasligi aniq.

Terma jamoamizda xorijdan mutaxassis bo‘lishi va unga mahalliy murabbiylar yordam berishi kerak. Futbolchilarga jangovar ruhni qaytarish juda muhim. 

Men Tohir bilan gaplashganimda Mourinoning ish haqi qancha bo‘lishi mumkinligini so‘radim, uning aytishicha, murabbiy ishi uchun yiliga taxminan 18,7 million dollar olishini aytdi», – deydi Nahravi.

Avvalroq Suriya futbol federatsiyasi tomonidan Joze Mourinoga Suriya termasini boshqarish taklifi kelib tushgan edi. Murabbiy esa ushbu taklifni rad etgandi.

2015 yilning dekabrida «Chelsi» bosh murabbiyligidan qoniqarsiz natijalar tufayli ishdan ketgan Mourino o‘tgan vaqt ichida ishsiz qolmoqda. Ingliz nashrlari uning yozda «MYu»da Lui van Gaal o‘rniga ish boshlashi haqida xabarlar tarqatib keladi.

Qayd etish kerakki, Indoneziya ayni vaqtda FIFA reytingida 185-o‘rinni egallab turibdi. 2015 yilda Ijroiya qo‘mitasi Indoneziya futbol assotsiatsiyasining tashkilotdagi faoliyatini to‘xtatdi. Bunga federatsiya va Indoneziya sport vazirligi o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat sabab bo‘lgan.

Indoneziya terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionati va 2019 yilgi Osiyo Kubogi musobaqalari uchun saralash o‘yinlaridan chetlashtirilgan. 2016 yilning fevralida FIFA qo‘mita qarorini ma'qullagan.

Top