Jahon | 11:17
502
2 daqiqa o‘qiladi

YeI ilk bor uchinchi davlatlar portlariga sanksiya qo‘llashni ko‘rib chiqmoqda

Yevropa Ittifoqi (YeI) Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida ilk bor uchinchi davlatlar portlariga - Gurjistondagi Kulevi va Indoneziyadagi Karimun portlariga nisbatan cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda. Sanksiyalar uchun ehtimoliy asos sifatida Rossiya nefti bilan bog‘liq operatsiyalar keltirilgan. Bu haqda dushanba, 9 fevral kuni Reuters agentligi Yevrokomissiya va YeIning tashqi aloqalar xizmati tayyorlagan hujjatga tayanib xabar qildi.

Foto: Reuters

Ehtimoliy cheklovlar YeIning Rossiyaga qarshi 20-paket sanksiyalariga kiritilishi mumkin. Ushbu paketni 24 fevralgacha — Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganining to‘rtinchi yilligiga qadar qabul qilish rejalashtirilgan. Agar bu amalga oshsa, Yevropa Ittifoqi kompaniyalari va xususiy shaxslariga mazkur portlar bilan har qanday operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, YeI sanksiyalariga Qirg‘izistonning Keremet va “Kapital Bank Tsentralnoy Azii” banklari, shuningdek, Laos va Tojikistondagi moliyaviy muassasalar ham tushishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ikki Xitoy bankiga nisbatan cheklovlarni bekor qilish rejalashtirilgan.

Yevroittifoq, shuningdek, Qirg‘izistonga metall kesuvchi stanoklar va aloqa uskunalari — masalan, modemlar va marshrutizatorlar import qilishni taqiqlash niyatida.

Yangi paket doirasida Rossiyadan yana 30 nafar jismoniy shaxs va 64 ta kompaniyaga nisbatan sanksiyalar muhokama qilinmoqda. Ular orasida “Bashneft” hamda Rossiyadagi sakkizta neftni qayta ishlash zavodi ham bor.

6 fevral kuni 20-paket taqdim etilganida, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen Rossiya neftini tashish bilan bog‘liq “soya floti” tarkibidagi 43 ta tankerga nisbatan cheklovlar joriy etilishini ham e’lon qilgan.

Bundan tashqari, fon der Lyayyen so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning xom neftini dengiz orqali tashishga to‘liq taqiq kiritish taklif etilmoqda. Shuningdek, metalllar importi — nikel, temir rudasi, mis, alyuminiy bo‘yicha ham taqiq muhokama qilinmoqda. Importni cheklashga oid boshqa ehtimoliy choralar orasida Rossiyadan tuz, ammiak, shag‘al, kremniy va mo‘yna keltirishdan voz kechish ham tilga olinadi. Yangi paket faqat YeIga a’zo barcha davlatlar roziligi bilangina ma’qullanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid