Jahon | 17:54 / 12.05.2016
7189
2 daqiqa o‘qiladi

Vazir: Turkiya YeI bilan vizasiz tartibga o‘tish shartlarini to‘liq bajardi

Turkiya respublikasining YeI ishlari bo‘yicha vaziri Vulqon Bo‘zqir, rasmiy  Anqara YeI bilan vizasiz tartibni joriy qilinishi uchun talab etilgan 72ta shartni bajargani haqida bayonot berdi. 

Yevropa komissiyasi Yevroparlament va YeI Kengashiga Turkiya fuqarolari uchun viza cheklovlarni bekor qilish tavsiyasini bergan edi. Buning uchun rasmiy Anqara iyun oyi oxirigacha 72 shartdan qolgan 5tasini bajarishi talab etilar edi. 

11 may kuni, Yevroparlament raisi Martin Shultsning rasmiy vakili, YeP Turkiya fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy qilish bo‘yicha masalani Anqara oldiga qo‘yilgan barcha 72ta shart to‘liq bajarilgach, muhokama etishini bildirgan edi. 

"Turkiya vizalarni bekor qilish uchun barcha shartlarni bajardi, chunki Yevrokomissiya hisobotida Turkiya aksilterror qonunchiligini o‘zgartirish majburiy shart sifatida qayd etilmagan. Ushbu hisobot e'lon qilingach, Yevrokomissiya vitse-raisi Frants Timmermans Turkiya beshta shartni bajarmaganini iddao etgan edi. Ayni shu narsa tushunmovchiliklarga olib keldi. Agar vizalar bekor qilinmagan taqdirda ham terrorizmga qarshi qonunni o‘zgartirmaymiz", — deb bayonot bergan Bo‘zqir Strasburgda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya Yevroparlamentga topshirgan hisobotiga turk aksilterror qonunchiligini o‘zgartirish sharti qanday qo‘shilganini izohlamagan. YeIdagi "Turkiya dushmanlari" esa paytdan foydalanib qolgan. 

"Biz vizasiz tartibga o‘tish bo‘yicha barcha imkoniyatlardan foydalanamiz, ammo faqatgina Turkiya say'i-harakatlari bilan ish bitmaydi", — deb qo‘shimcha qilgan Turkiya vaziri.

Mavzuga oid