Jahon | 19:10 / 13.05.2016
6526
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya vaziri YeI bilan viza tizimi bekor qilinishiga umid qilmayotganini bildirdi

Turkiyaning Yevropa Ittifoqi masalalari bo‘yicha vaziri Vulqon Bozqir YeI bilan vizalarni bekor qilish bo‘yicha ishning samarali hal bo‘lishidan umid qilmayotganini bildirdi. Bu haqda u Bryusselda Yevroparlament va Yevropa Ittifoqi boshqa tuzilmalari rahbarlari bilan muzokaralardan keyin ma'lum qildi, deb xabar beradi TASS. 

“Hozirgi bosqichda bu mavzu Yevroparlament hukmini kutmoqda. Biz hozir Yevrokomissiya yana (Turkiyadan vizalarni bekor qilish) masalasini ko‘rib chiqishi lozim bo‘lgan bosqichga chiqdik. Shu yo‘l orqali yuzaga kelgan vaziyatni hal qilish mumkin. Biroq men bugungi aloqalarimdan so‘ng, bunga katta umidlar bog‘lay olmayman”, - dedi vazir.

Bozqirning aytishicha, YeI vakillari “bu jarayonni kengaytirish niyati yo‘q”. “Shunday ekan, Yevrokomissiya tomonidan kelgusida ushbu masalaga ijobiy yondashuvni kutish o‘rinsiz. Lekin Turkiya harakatdan, ushbu masalani ilgari surishdan to‘xtamaydi”.

“Biz uchun vaziyatning bunday holati maqbul emas. Yevrokomissiya yangi qaror qabul qilishi zarur. Terrorizmga qarshi qonunchilikka o‘zgarish kiritish masalasiga to‘xtalsak, agar biz katta yo‘qotishlarga duch kelganimizni inobatga olinsa, terrorizmga qarshi kurash qonuniga o‘zgarish kiritish mavzusi siyosiy muhokamalarga sabab bo‘lmasligi lozim”, deya fikr bildirdi vazir. 

Yevrokomissiya hamjamiyat davlatlariga qisqa muddatli safarlarga otlanayotgan Turkiya fuqarolari uchun vizasiz rejimni kiritishni tavsiya qildi. Shu o‘rinda Anqara vizasiz rejimga o‘tishga tayyorgarlik jarayonida kelishilgan 72 punktdan qolgan 5tasini bajarish majburiyatini olishi kerak. Bu punktlar korrupsiyaga qarshi kurash sohasi qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritish, YeI mamlakatlari bilan politsiya va sud hamkorligi, migratsiya hamkorligini ta'minlash , yangi ko‘rinishdagi biometrik pasportlarni tatbiq etish kabi masalalarni nazarda tutadi.

Mavzuga oid