Jahon | 19:20 / 17.07.2016
7156
2 daqiqa o‘qiladi

Shotlandiya bosh vaziri 2017 yilda Britaniya tarkibidan chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi mumkinligini aytdi

Foto: Reuters

Shotlandiya birinchi vaziri (hukumat rahbari) Nikola Sterjyen 2017 yilning birinchi yarmida mamlakatning Buyuk Britaniya tarkibidan chiqish bo‘yicha qayta referendum o‘tkazilishi mumkinligini ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Buyuk Britaniya hukumati Shotlandiya manfaatlarini e'tiborga olmasdan YeIdan chiqish bo‘yicha rasman harakat boshlasa, shotlandlarning qanday harakat qilishi tayin.

Vazir o‘z intervyusida Buyuk Britaniya YeIni tark etsa ham Shotlandiya ittifoq tarkibida qolishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari Bryussel va Edinburg o‘rtasida Shotlandiyaning tashkilotda qolishi ehtimollari bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralarga qarshiligini bildirib chiqdi.

15 iyul kuni Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Tereza Mey Shotlandiya poytaxtiga tashrif buyurib, Sterjyen xonim bilan "breksit" masalasini muhokama qilgan.

O‘tgan oyning 23 iyunida Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi masalasida o‘tkazilgan referendumda Brexit tarafdorlari g‘alaba qozongach, Shotlandiya rasmiylari Yevroittifoqda qolish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishi va Buyuk Britaniyaning ittifoqdan chiqishi to‘g‘risidagi qonunga veto (taqiq) qo‘yilishini bildirdi.

Nikola Sterjyen Buyuk Britaniyani Yevroittifoqdan chiqarishga bo‘lgan harakatlar jiddiy zarar va og‘riqli asoratlarga olib kelishi, u «Shotlandiyani bundan himoya etishni istashi va harakat qilishi»ni ma'lum qilgandi.

2014 yilda o‘tkazilgan referendum chog‘ida shotlandiyaliklarning 55,3 foizi Buyuk Britaniya tarkibida qolishni yoqlab ovoz bergan edi. Ammo Brexit yuzasidan tashkil etilgan referendumda shotlandiyaliklarning ko‘pchilik qismi (62 foiz) Yevroittifoq tarkibida qolish niyatini bildirdi.

Mavzuga oid