Jamiyat | 09:39 / 20.07.2016
20285
3 daqiqa o‘qiladi

«Anhor-Lokomotiv» bog‘ida MDHdagi eng uzun kartodrom foydalanishga tayyor

Avgust oyida Toshkent shahrida yangi dam olish maskani va attraksionlar  bog‘i foydalanishga topshiriladi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmatining rasmiy veb-sahifasida xabar qilingan.

Shaharning Shayxontohur tumani Labzak va Zulfiyaxonim ko‘chalari oralig‘ida, Anhor kanali yonida barpo etilgan ko‘ngilochar bog‘ yilbo‘yi faoliyat ko‘rsatishi ta'kidlanmoqda. 

Bog‘da kattalar va bolalarning ko‘ngildagidek dam olishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Bu yerda barcha yoshdagilar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonlari, 320 o‘rinlik yozgi teatr, musiqa va chiroqli favvoralar, restoran va kafeteriylar mavjud. 

Myday.uz

Qayd etilishicha, ayrim attraksionlar o‘z toifasida shaharda yagona hisoblanadi. Masalan, «Osmono‘par» deb nomlanuvchi attraksion balandligi 43 metrni tashkil etadi. U orqali shaharni balanddan tomosha qilish uchun ajoyib imkoniyat yaratilgan. Anhor kanali sohilida esa, uzunligi 40 metrni tashkil etuvchi musiqa sadolari va chiroq yog‘dulariga ega ulkan raqsga tushuvchi favvora qurilgan. U suvni 50 metr balandlikkacha purkay oladi. 

Shu bilan birga, sun'iy suv havzasining tubi ham chiroqlar yordamida yoritilishi, katamaran va qayiqlarda sayr qiluvchilar uchun ko‘l tubini tomosha qilish imkonini beradi. 

Myday.uz

Bundan tashqari, bog‘ hududida O‘zbekistonning e'tiborga molik 7ta sayyohlik maskanining kichik maketlari ham barpo etilgan. Bular: Xiva Kalta minori, Samarqanddagi Sherdor madrasasi, Buxorodagi Minora-i Kalon, Andijondagi Bobur yodgorlik majmuasi, Temuriylar muzeyi, Toshkent minorasi va poytaxt kurantidir. 

Myday.uz

Shuningdek, bog‘ tasarrufida, MDH davlatlari orasida eng uzun yopiq kartodrom poyga yo‘lagi mavjud. Interfaol o‘yinlar xonalari, bolalar maydonalari, tamaddixonalar va sovg‘a do‘konlari bog‘ mijozlariga xizmat ko‘rsatishga shay turibdi.  Avvalroq, mazkur istirohat bog‘i 1-avgustda ochilishi to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid