Jahon | 19:16 / 10.08.2016
14770
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya mehmonxonalaridan birida Qozog‘iston bayrog‘i sabab mojaro chiqdi

Foto: today.kz


Turkiyadagi taniqli dam olish maskanlaridan birida Qozog‘iston davlat bayrog‘i tufayli mojaro kelib chiqdi. Bu haqida Today.kz nashri ma'lum qildi. 

Kemerga hordiq olish uchun tashrif buyurgan qozog‘istonlik sayyohlar Bayan Muratov va Dmitriy Komov mehmonxonaga kiraverishda quyosh nurida rangi xira tortgan Qozog‘iston Respublikasi bayrog‘ini ko‘rib, ma'muriyatga o‘z noroziliklarini bildirishdi. 

Voqea Turkiyadagi Kimeros Park Holiday Village mehmonxonasida sodir bo‘lgan.

6 avgust kuni mehmonxonaga kelgan va quyoshda rangi o‘chib ketgan bayrog‘ini ko‘rgan ikki sayyohning jahli chiqib, memonxona ma'muriyatidan uni olib tashlashni yoki yangisiga almashtirishni talab qilgan. Uch kun o‘tsa hamki, bayroq o‘zgartirilmagan.  Yana ma'muriyatga kirishganida esa, bunga javoban "mehmonxonada osilgan barcha bayroqlar bir mavsumda sotib olingan" degan javobni eshitishgan. Biroq ob-havo sharoitlari tufayli ularning ba'zilari yaroqsiz holga kelib qolganligi aytilgan. 

Ro‘y bergan voqea yuzasidan Kemeros Park Holiday Village oteliga murojaat qilgan Today.kz nashriga Qozog‘iston bayrog‘i bilan bog‘liq mojaroning haqiqatda sodir bo‘lganligi tasdiqlandi. Mehmonxona xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, bunga yoz mavsumidagi 50 darajadan ortiq issiq harorat sabab bo‘lgan. 

"Kemerda Qozog‘iston bayrog‘ini sotib olish oson ish emas - bu boshqa davlat. Bayroqlar duch kelgan joyda sotilmaydi, axir. Bayroqni buyurtma qilib, bizga yetkazib berilgunga qadar vaqt talab qilinadi. Odatda bunga ikki kun kerak bo‘ladi. Bugun buyurtma qilamiz, ertaga yangi bayroqni keltirib berishadi", - deya ma'lum qildi mehmonxonaning mijozlar bilan ishlash bo‘limi menejyeri Yekaterina Ustinskix. Menejyer bu voqeani xorijiy sayyohlarga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholamaslikni so‘radi. 

 

Mavzuga oid