Iqtisodiyot | 18:41 / 13.08.2016
22479
5 daqiqa o‘qiladi

Sigenobu Nagamori - sayyoraning g‘alati milliarderlaridan biri

Foto:Bloomberg

Yaponiyalik tadbirkor, garchi sarmoyadorlarning va ekspertlarning qarashlariga e'tibor bermasa-da daromad ko‘rishi bilan e'tibor qozongan. Kiotodagi mashhur ibodatxonalardan janubda zavodlar va aholi turarjoylari orasida bitta osmono‘par bino ko‘zga tashlanadi. Uning eng tepa qavatida Sigenobu Nagamori idorasi joylashgan. Nidec Corp. sohibi bo‘lgan milliarder o‘zi va biznesi haqida shunday deydi: 

«Agar siz menda ishlaganingizda iqtidor egasi bo‘lmasangiz ham sizni ishdan haydashmaydi. Biroq, buning evaziga siz ko‘proq ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Agar siz, mening 27-milliardlik elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha biznesimning aksiyasini xarid qilsangiz, dividendlar o‘sishiga umid qilmasangiz ham bo‘ladi. Shu bilan birga, agar siz Masayosi Son (Yaponiyaning eng badavlat ikkinchi kishisi) bo‘lsangiz ham, nohaq bo‘lsangiz buni tap tortmay yuzingizga aytaman». 

O‘zining eski ammo qadrdon saroyini saqlab qolgan 71 yoshli Nagamori o‘zining boshqalarga o‘xshamasligini e'tirof etadi. 

«Men g‘alati insonman. Men oqimga qarshi suzaman». 

Bugungi kunda, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abedan tortib sarmoyador Den Leb yapon biznesini aksiyadorlarga ko‘proq diqqat qilib, ish yuritishning an'anaviy usullaridan voz kechishga chaqirayotgan bir vaqtda, Nagamori ularga e'tibor bermay, o‘zining fond bozorlaridagi hamkasblarini katta farq bilan ortda qoldirishning uddasidan chiqmoqda. 

U — Uoll-strit me'yorlariga binoan g‘alati tuyulgan usullar yapon kompaniyalari uchun juda ham foydali bo‘lishi mumkinligini isbotlovchi jonli namunadir. 

2016-yili Nagamori kompaniyasi o‘z ko‘rsatkichini pasaytirib borayotgan Topix indeksidan ilgarilab keta oldi. U uchinchi yildirki daromad ko‘rish bo‘yicha rekord qayd etmoqda, aksiyalari esa 5,3 foizga oshdi. Nidec (TYO:6594) kompaniyasi 2008-yilgi global inqiroz vaqtida namoyish etgan minimum ko‘rsatkichlaridan keyin shu paytga qadar 457 foizga o‘sdi. Shaxsiy mablag‘lar rentabelligi 12,1 foizni, indeks bo‘yicha o‘rtacha 6,8 foizni tashkil etadi. 

Aytish joizki, Nagamorining xarid qilishni bilishi uning muvaffaqiyati garovidir. Nidec 1973 yilda tashkil etilganidan beri 40dan ortiq kompaniyani o‘ziga qo‘shib oldi. Xususan shu oyda dvigatellar va elektrstansiyalar ishlab chiqaruvchi Emerson Electric Co. unga 1,2 mlrd dollarga tushdi. Bungacha, u biznesini kengaytirish uchun 1 trln iyen (9,8 mlrd dollar) mablag‘ mavjudligini aytgan edi. Nidec kompaniya e'tibor qaratayotgan sohalarning qamrovi esa juda keng ko‘lamlidir. Turli xil dvigatellar ishlab chiqarishdan, muzlatgich va avtomobillargacha, haydovchisiz avtomobillardan tortib, «internet buyum»larigacha shular jumlasiga kiradi. Ichiyoshi Asset Management Co. investitsiya kompaniyasining rahbari Mitsusige Akino shunday deydi:

«Boshqa kompaniyalarni xarid qilish borasida Yaponiyada Nagamoriga yetadigani yo‘q. Sarmoyador sifatida men unga to‘liq ishonaman». 

Akinoning fikricha, kompaniyaning eng katta xavfi bu asoschisining ketishidir. Agar yangi rahbariyat boshqaruviga o‘tish silliq bo‘lmas ekan, Nidec  «Nagamori unvoni»ni boy berishi mumkin. Gap shundaki, Nagamori 40 yildan beri ishlayotgan bo‘lsa, kuniga idorasiga keladi. Shu bilan birga, 2030-yilgacha kompaniyada u yoki bu vazifada qolishga hamda uning daromadini 1,2 trln iyendan 10 trln iyenga yetkazishga va'da beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kim kompaniyaga ko‘p mablag‘ keltirsa o‘sha odam kompaniya rahbari bo‘ladi. Uning kadrlar borasidagi siyosati ham o‘ziga xos. Agar xodim o‘z vaqtida ishga kelar ekan, u ishdan haydalishni xayoliga keltirmasa ham bo‘ladi. Topshirilgan vazifani uddalay olmasa, Nagamori unga mos keladigan ish topib bera oladi. Ijtimoiy himoyani davlat emas, balki biznes ta'minlaydigan mamlakatda bu juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mavzuga oid