O‘zbekiston | 18:25 / 18.08.2016
5321
2 daqiqa o‘qiladi

2030 yilgacha O‘zbekiston elektrotexnika sanoatida 1 milliard dollarga yaqin sarmoya o‘zlashtiriladi

Milliy matbuot markazida “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

2005 yilda tarmoqda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 80 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1 trillion 300 milliard so‘mga yetgan. So‘nggi yillarda energetika, neft-gaz va tog‘-kon sanoatlariga, ijtimoiy soha obektlariga 1 trillion 5 milliard so‘mdan ziyod mahsulot yetkazib berilgan.

Kompaniya tizimida kabel, elektrotexnika, maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatuvchi qirqdan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning o‘ttizga yaqini eksport faoliyatiga jalb etilgan. Keyingi yillarda yangi maishiy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 20 ga yaqin korxona tashkil etildi.

2016 yilning birinchi yarmida kompaniya tizimida sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 630,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Korxonalar tomonidan 218,5 milliard so‘mlik xalq iste'moli tovarlari ishlab chiqarildi. Elektr changyutgich va kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish  sezilarli darajada o‘sdi. Jami ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qariyb 22 foizi eksportga yo‘naltirildi.

2016-2019 yillarda “O‘zeltexsanoat” kompaniyasi tomonidan hududlarni iqtisodiy rivojlantirish va qishloqqa sanoatni olib kirishni jadallashtirishga qaratilgan 95 loyihani amalga oshirish belgilangan. Natijada besh mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

2030 yilgacha sohada 1 milliard dollarga yaqin sarmoya o‘zlashtirilib, 22 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid