Iqtisodiyot | 17:36 / 19.08.2016
6063
8 daqiqa o‘qiladi

2016 yilning 1-yarmida Paxtakor tumanida 324ta yangi ish o‘rni yaratildi

Jizzax viloyati Paxtakor tumanida joriy yilning birinchi yarmida 8 milliard 185 million so‘mlik yangi loyihalar amalga oshirildi. Ularning 14 foizi sanoat, 39 foizi xizmat ko‘rsatish va servis, 10 foizi qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keldi. 324 yangi ish o‘rni yaratildi. 

Tumanda 316 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yekti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida soha rivoji uchun 11 milliard 48 million so‘mlik bank kreditlari ajratildi. “Yagona darcha” markazi orqali 16 turdagi xizmatlar ko‘rsatilayotgani soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Mustaqillik yillarida davlat rahbari rahnamoligida qishloq xo‘jaligida chuqur tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy mulkchilik shakli joriy etildi, ekin maydonlari optimallashtirildi, hosildorlik oshirildi, poliz va meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish ko‘paydi, uni saqlash va qayta ishlash keng yo‘lga qo‘yildi. Buning samarasida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan har yili mo‘l hosil olinmoqda. 

Paxtakor tumanida besh yuzga yaqin fermer xo‘jaligi 27 ming 280 gektar maydonda dehqonchilik qiladi. Paxta, g‘alla, bog‘dorchilik, chorvachilik va baliqchilikka ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar bozorlarimiz to‘kinligini ta'minlash barobarida xorijga ham mahsulot chiqarmoqda. 

Tuman mirishkorlari tomonidan 1 ming 227 gektar maydonda meva-sabzavot yetishtirilmoqda. Joriy yilda 1 ming 900 tonna kartoshka, 26 ming 800 tonna sabzavot, 19 ming 300 tonna poliz, 2 ming tonna meva, 5 ming tonna uzum yetishtirish rejalashtirilgan. 3 ming 900 tonna meva-sabzavotni eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan. 

– Xo‘jaligimiz hisobidagi 96 gektar maydonning 30 gektari bog‘, 20 gektarda qovun va oshqovoq, 7 gektarda piyoz yetishtirmoqdamiz, – deydi “Sarvar Mamatov” fermer xo‘jaligi rahbari Abdurazzoq Abdurasulov. – Yaqinda dalamizga kelgan xorijlik tadbirkorlar mahsulotimiz sifatiga yuqori baho berdi. Hududdagi eksportyor firmalar orqali poliz mahsulotlarini xorijga sotishga tayyorlamoqdamiz. 

O‘z mehnati samarasidan bahramand bo‘layotgan dehqonu tadbirkorlar yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi farovonligini oshirishga hissa qo‘shmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan zamonaviy turar joylar tuman qishloqlarini yanada obod qilayotir. 

Tumanda namunaviy loyihadagi dastlabki 50 uy 2010 yilda “Paxtakor” massivida qurilgan edi. Birinchi yili yangi uylarga ko‘chib kirganlarning mamnunligi bu loyihaga odamlarning qiziqishini oshirdi. Ushbu bunyodkorlik boshlangandan buyon o‘tgan qisqa davrda tumanning Buyuk ipak yo‘li, Olmazor, Paxtakor, Chamanzor, Oqbuloq qishloqlarida 235 yangi uy qurildi. 

– Qishlog‘imiz yildan-yilga zamonaviy qiyofa kasb etmoqda, – deydi “Paxtakor” qishloq fuqarolar yig‘ini diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Adolat Shamatova. – Bunday uylar qurilishi bilan qishlog‘imiz infratuzilmasi yangilanib, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. So‘nggi uch yilda 5,5 kilometr ichimlik suvi va 3 kilometr tabiiy gaz quvuri tortilib, qariyb 6 kilometr ichki yo‘llar ta'mirlandi. 

Tumandagi barcha qishloqlarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha belgilangan tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotir. “Mingchinor”, “Paxtakor”, “Chamanzor”, “Gulzor”, “Olmazor”, “Toshkent” fuqarolar yig‘inlari hududlaridagi turar joy massivlarida ichimlik suvi tarmoqlari yangilandi. 

Aholi salomatligi, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Davlat dasturlari, salomatlik loyihalari doirasida tuman tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotir. O‘tgan yili investitsiya dasturi asosida tuman markaziy shifoxonasi rekonstruksiya qilindi. Beshta qishloq vrachlik punktida aholiga zarur tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulaylik yaratildi. 

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablarida sanitariya qoidalari asosida tibbiyot xonalari tashkil etilib, shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari biriktirildi. Tibbiyot xonalari zarur asbob-uskunalar, dori-darmonlar bilan ta'minlandi. 

Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e'tibor samarasi tumanda bunyod etilgan sport inshootlari, yoshlar erishayotgan ulkan yutuq va marralarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 

Paxtakor bolalar va o‘smirlar sport maktabi qaytadan qurilib, zamonaviy sport majmuasiga aylantirildi. Ming o‘rinli stadion, yengil atletika, basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi maydonlari, boks, kurash, gimnastika zallari, tibbiyot xonasi yoshlar ixtiyorida. Zarur sport anjomlari bilan jihozlangan xonalarda mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish uchun barcha qulaylik mavjud. 

– Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilayotgan Olimpiada haqidagi suhbatlar sportga oddiy ishqibozlik emas, yoshlarimizning ushbu nufuzli musobaqalarga munosib ishtirok etayotganidan yurtdoshlarimiz qalbida jo‘sh urayotgan vatanparvarlik tuyg‘usining ifodasi, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport murabbiyi, ikkinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Bahodir Mirzaqulov. – Ushbu Olimpiada musobaqalari ishtirokchisi Xurshid Tojiboyev Paxtakor bolalar va o‘smirlar sport maktabining boks to‘garagida tarbiyalangan. Sobiq tuzum davrida bizning tumanlardan bunday ulkan musobaqada biror sportchining ishtirok etishini tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Bularning barchasiga istiqlol tufayli erishdik. 

Ta'lim muassasalari, mahallalarda 80 dan ziyod sport inshooti, jumladan, 20 sport zali, 40 dan ortiq sport maydonchasi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili sun'iy qoplamali ikkita bolalar sport maydonchasi barpo etildi. Keyingi yillarda tumandan 5 xalqaro toifadagi sport ustasi, 24 sport ustasi yetishib chiqqani ham bolalar sporti rivojlanayotganining samarasidir. 

Ulkan bunyodkorlik ishlari qatorida aholining maroqli dam olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Tuman markazidagi “Mo‘'jiza” madaniyat va istirohat bog‘ida amfiteatr barpo etilib, attraksionlar o‘rnatildi. 

Tumanda mustaqillik yillarida ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar odamlarning turmush sharoitini yuksaltirib, ularda mehnatga, hayotga munosabatni tubdan o‘zgartirmoqda. Ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda. Ana shunday ko‘tarinki kayfiyatda mehnat qilayotgan Paxtakor tumani ahli Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik bayramini munosib kutib olish va uni yuqori saviyada nishonlash uchun puxta hozirlik ko‘rmoqda. Bu mahallalar, ta'lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda o‘tkazilayotgan madaniy-ma'rifiy tadbirlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 

Mavzuga oid