Jahon | 15:48 / 24.08.2016
7540
2 daqiqa o‘qiladi

Argentinalik fermerlar arzonchilikka qarshi noroziligini o‘ziga xos tarzda namoyish etishdi

Argentinalik fermerlar yetishtirayotgan mahsulotlari narxi arzonligiga norozilik sifatida o‘ziga xos aksiya o‘tkazishdi. Ular, 10 tonna mevani tekin tarqatib yuborishgan. Bepul mevalardan olish uchun navbatga turganlar qatori "Kasa rosada" prezident saroyi oldidagi maydonga cho‘zilib ketgan.

Namoyishda Rio-Negro va Neuken viloyatlaridan kelgan 70ga yaqin fermer qatnashgan. Talabning katta bo‘lgani sabab, ular keltirgan mevalar 2 soat ichida tugab qolgan. 

Fermerlar, bir kilo olma uchun 3 peso (0,2 dollar) olayotganlarini adolatsizlik deb hisoblashmoqda. Axir, xuddi shunday olmaning bir kilosi supermarketlarda 25-29 peso (1,7-2 dollar)dan sotiladi. 

"1 kg olma uchun 3 peso, 1 kg nok uchun 2,1 peso to‘lash, uni yetishtirish uchun sarf qilinadigan 4,5 peso (0,3 dollar)ni qayoqdan qoplasin", - degan Argentina agrar federatsiyasi bo‘limlaridan birining rahbari Pablo Kastel.

Fermerlarning ta'kidlaricha, 2 ming ishlab chiqaruvchi yopilish arafasida. 60 ming kishi ishidan ayrilishi mumkin. Bunday sharoitda, ko‘pchilik dehqonlar mahsulotlarini narxlar qimmatlashuvidan umid qilgan holda muzlatib qo‘yishga qaror qilishgan. 

Mavzuga oid