Jamiyat | 19:26 / 25.08.2016
25177
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shrabotlik zo‘ravonlar uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi

O‘sha kuni kechki payt Rauf ( ism-familiyalar o‘zgartirilgan) mashinasida ishdan qaytayotgan edi. Bekatda turgan qarindoshi Ma'rufni ko‘rib, uni o‘zi bilan olib oldi. Biroz yurishgan edi, yo‘lda mast holatda ketayotgan yo‘lovchilarga ko‘zi tushdi. Ularning yonidan sekinlashib o‘tib ketaman deb turgan bir paytda, mast yo‘lovchilarning bari o‘zini salonga urdi. Bu haqda “Postda” gazetasi yozmoqda.

Yo‘lovchilar undan konchilar qishlog‘iga olib borishini iltimos qilishadi. Rauf ularga yo‘q demaydi, avval qarindoshini Gujumsoy qishlog‘iga tashlab, yo‘lovchilarni aytilgan manzil tomon olib ketadi.

Ammo yo‘lovchilar mast bo‘lib, bir-birlari bilan baqirishib, so‘kinishib ketishadi. Rauf ularni tinchlantirmoqchi bo‘ladi, ammo ular ko‘nmaydi. Shunda u mashinani to‘xtatib, ularni salondan tushishlarini so‘raydi. Biroq yo‘lovchilar Raufni do‘pposlay ketishadi. Uning kiyimlari, uyali telefonini, pullarini tortib olishadi.

Talonchilarning o‘ljalarni taqsimlayotganidan foydalangan Rauf mashinasiga o‘tirib, qochib qoladi. U uyga arang yetib keladi. Yaqinlari uni shifoxonaga yotqizishadi. Shu zahoti shifoxonaga tergov-tezkor guruhi yetib keladi. Jabrdiyda ularga zo‘ravonlarning tashqi ko‘rinishi va ismlarini aytib beradi.

Olib borilgan tergov harakatida ularning barchasi qo‘lga olindi va Qo‘shrabot tuman sudi tomonidan har biri sakkiz yarim yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Mavzuga oid