Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
3 kishini piyodalar yo‘lagida urib yuborib, ochiqda qolgan ayol qo‘shmachilik ustida ushlandi
Farg‘onalik Xadichabonu Habibullayeva ozodlikni cheklash jazosini o‘tash davrida yana bir jinoyat sodir etdi: o‘z yashash xonadonida qo‘shmachilik qilayotganda tezkor tadbirda ushlandi. Sud unga avvalgi jinoyati bo‘yicha berilgan jazoni qisman qo‘shgan holda 2,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan. Ammo ayol cheklovlarga rioya qilmagani uchun ushbu jazo ozodlikdan mahrum qilishga almashtirildi.
Foto: Kun.uz
Farg‘onada piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 3 kishini tanishining mashinasida urib yuborgan Xadichabonu Habibullayeva endi qamoqda. Unga tayinlangan ozodlikni cheklash jazosi ozodlikni mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Jinoyat ustiga jinoyat
Kun.uz tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, Xadichabonu Habibullayeva tayinlangan jazoni o‘tash davrida yana bir jinoyatga qo‘l urgan. U 2026 yil 9 yanvar kuni Farg‘ona shahridagi o‘zi yashab kelgan xonadonda 300 ming so‘m va 200 dollar evaziga qo‘shmachilik qilgan.
Shartli mijozlarga jinsiy aloqa qilishlari uchun uyida sharoit yaratib bergan Xadichabonu Habibullayeva tezkor tadbirda ushlangan.
JIB Farg‘ona shahar sudining 2026 yil 17 martdagi hukmi bilan Xadichabonu Habibullayeva Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga YTH sodir qilishi bilan bog‘liq avvalgi jinoyati uchun berilgan jazoni qisman qo‘shgan holda 2,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, u 2 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.
Ayolga o‘qish va ish joyiga borib-kelish uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda yashash xonadonidan chiqishi cheklangan.
Almashtirilgan jazo
Biroq Xadichabonu Habibullayeva sud belgilagan cheklovlarga amal qilmagan.
Xususan, 2026 yil 8 aprel kuni soat 21:15 larda Farg‘ona shahar IIB JXX Probatsiya bo‘limi yashash xonadoniga borib tekshirganida, u uyida yo‘qligi aniqlangan. Xadichabonu Habibullayevaga holat bo‘yicha ogohlantirish intizomiy jazosi qo‘llangan.
2026 yil 24 aprel kuni soat 21:00 larda o‘tkazilgan tekshiruvda ham Habibullayeva yashash xonadonida yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng Farg‘ona shahar IIB taqdimnoma kiritib, suddan ozodlikni cheklash jazosini ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirishni so‘ragan.
JIB Farg‘ona shahar sudining 2026 yil 1 maydagi ajrimi bilan Xadichabonu Habibullayevaga tayinlangan ozodlikni cheklash jazosining o‘talmagan 2 yil 5 oy 4 kuni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga o‘zgartirilgan. U jazoni o‘tash uchun manzil-koloniyasiga yuborilishi belgilangan.
“280 ming so‘m moddiy zarar” voqeasi
Xadichabonu Habibullayeva 2025 yil 11 oktyabr kuni guvohnomasi bo‘lmagan holda tanishining Onix mashinasini boshqarib, piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 31 yoshli Dilafruz Sayfullayeva, uning 3 yoshli o‘g‘li Yasinboy Abdurahmonov hamda 2,5 yoshli jiyani Hadiya Qodirovalarni urib yuborgan. Zarba kuchidan ayol va bolalar bir necha metrga uchib ketgan.
Kun.uz holat yuzasidan surishtiruv e’lon qilgandi. Unda og‘ir tan jarohati olgan Dilafruz Sayfullayeva to‘shakka mixlanib yotgani, ma’lum muddat shifoxonada davolanib chiqqaniga qaramay uning o‘g‘li va jiyanida “avtoavariya” asoratlari saqlanib qolgani ma’lum bo‘lgandi.
O‘shanda sud hukmi bilan Xadichabonu Habibullayevadan jabrlanuvchi foydasiga 280 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
Apellyatsiya sudi dastlabki sud hukmining fuqaroviy da’voga oid qismini o‘zgartirgan. Ya’ni sudlanuvchidan jabrlanuvchiga 100 mln so‘m ma’naviy hamda voyaga yetmagan jabrlanuvchilarning qonuniy vakiliga 3 mln 351 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
Mavzuga oid
13:12
“Drujba”da yongan Zeekr voqeasi: sud avtomobil egasi foydasiga 450 mln so‘m undirishni belgiladi
12:00 / 15.05.2026
Qarsaklar bilan yakunlangan sud: Yakkasaroydagi yashil hudud va futbol maydonchasi saqlab qolindi
14:58 / 12.05.2026
Sudya yordamchisi 53 ming dollar bilan ushlandi
18:16 / 08.05.2026