Jamiyat | 16:38 / 30.08.2016
11552
2 daqiqa o‘qiladi

Dubay amiri ish vaqtida idoradan topa olmagan 9 nafar amaldorni lavozimidan chetlatdi

Birlashgan Arab Amirliklarining bosh vaziri va Dubay amiri shayx Muhammad davlat idorasiga kutilmagan tekshiruv uyushtirganidan  so‘ng to‘qqiz nafar yuqori martabali amaldorlarni lavozimidan chetlatishni buyurdi. Bu haqida The National xabar berdi

Yakshanba kuni ertalab shayx Muhammad kutilmaganda davlat muassasalari, shu jumladan, Yer masalalari va Iqtisodiy taraqqiyot departamentlari, shuningdek Dubay aeroportini tekshirishga qaror qildi. BAAda asosiy dam olish kuni juma hisoblanadi, ish haftasi esa yakshanbadan boshlanadi. 

Shayx Muhammad idora xonalari bo‘ylab yurib, ulardan ba'zilarida hech kim yo‘qligini ko‘rgan. Shayx tashrifi haqidagi video va suratlarini taqdim etgan Davlat bayonot xizmati rahbari Xalif Saidning so‘zlariga ko‘ra, yuqori martabali amaldorlar joylarida bo‘lishmagan. 

Tashrifning ertasiga shayx 9 nafar amaldorni ishdan bo‘shatishni buyurdi. Ularning orasida – Huquqiy masalalar departamentining ijrochi direktori, ma'muriyat rahbari, bosh direktor o‘rinbosari va bir qator yordamchilar bo‘lgan. 

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, ularning iste'fosi “taraqqiyotning keyingi bosqichi uchun mas'uliyatni yosh avlod o‘z zimmasiga olishiga imkon yaratilishi” bilan bog‘liq. BAA vitse-prezidenti lavozimidan chetlatilgan amaldorlarga ko‘rsatgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirib, kelajakda ularga omad tiladi. 

67 yoshli shayx Muhammad 2006 yildan beri Dubayni boshqarib keladi. U amirlikdagi bir qator kompaniyalar (Emirates aviatashuvchisi, mashhur Burj Al-Arab mehmonxonasi, palm oroli) taraqqiyotiga shaxsan hissa qo‘shgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid