Jamiyat | 15:58 / 05.09.2016
9992
2 daqiqa o‘qiladi

Pandalar xavfdan xoli

Tabiat himoyasi bo‘yicha xalqaro ittifoq katta pandalarni (bambukxo‘r pandalar) "Qizil kitob"da qirilib ketayotganlar (Endangered) guruhidan xavfdan xoli (Vulnerable) guruhga o‘tkazdi. Bu haqda Jahon yovvoyi tabiat fondi (WWF) ma'lum qilgan.

"Tur duch kelgan xavf darajasi pasaygani Xitoy hukumati rahbarligidagi harakatlar besamar ketmaganini bildiradi va bunday ahamiyatli turlarni saqlab qolishga sarflangan mablag‘ qoplanayotganini ko‘rsatadi", — degan WWF tashkilotining Xitoydagi ijrochi direktori.

Tabiat himoyasi bo‘yicha xalqaro ittifoq vakilining aytilishicha, 2004 yilda Xitoydagi katta pandalar soni 1596tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2014 yilda bu miqdor 1864tagacha ko‘paygan. Hozirda butun dunyoda bunday jonivorlar soni taxminan 2060tani tashkil qiladi.

Katta pandalar 1990 yilda "xavf ostida" maqomini olgandi. O‘tgan asrning 70-yillarida bundan jonivorlar soni 2459ta ekani aniqlangach, bu muammoga e'tibor qaratila boshlandi. 1981 yilda Xitoyda panda terisi savdosi taqiqlandi. 1988 yilda esa panda ovchilari ta'qib qilina boshlandi. 1992 yilda pandalar uchun qo‘riqxona tashkil qilindi va bugungi kunda 1,4 mln gektar maydonni qamragan bu qo‘riqxonada 57 panda yashaydi.

2015 yil yanvarida AQSh va Xitoy ekologlari katta pandalar soni kamayib ketishi ehtimoli katta ekani haqida ogohlantirgan edi. Bunga asosiy sabab iqlim o‘zgarishlari hisoblanadi.

Shu bilan birga qayg‘uli xabarlar ham bor. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2080 yilga borib, katta pandalar hayot manbai bo‘lgan bambukzorlar maydonlari hajmi 35 foizga qisqarishi va buning natijasida pandalar soni kamayishi mumkin.

Zoologlarning hisob-kitobiga ko‘ra, panda bir kunda 30 kg bambuk yeydi.

Mavzuga oid