Sport | 20:31 / 06.09.2016
9999
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA 2026 yilgi mundialni 3 mamlakatda o‘tkazish variantini ko‘rib chiqadi

Xalqaro futbol federatsiyalari uyushmasi (FIFA) 13-14 oktabr kunlari Tsyurixda 2026 yilgi jahon chempionatida 40ta terma jamoa ishtirok etishi masalasini ko‘rib chiqadi. Loyihaga ko‘ra, JCh-2026 turniriga 3 mamlakat mezbonlik qilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda tashkilot prezidenti Janni Infantinoga asoslanib The Washington Post xabar tarqatgan.

«13-14 oktabr kunlaridagi yig‘ilishda bu ikki mavzu muhokama qilinadi. Futbol uchun foyda beradigan islohotlardan tiyilmaslik kerak. Nima bo‘lishini ko‘ramiz, lekin KONKAKAF (Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mamlakatlari futbol konfederatsiyasi) anchadan buyon jahon chempionati o‘tkazish huquqini olmadi.  Menimcha, hozirda barchasining imkoni bor. Mundialda 40ta jamoa ishtirok etishi bo‘yicha fikrim o‘zgarmagan», — degan Infantino.

U avvalgilariga qaraganda 8ta terma jamoa ko‘p qatnashgan 2016 yilgi  Yevropa chempionatini bunday loyihaning ishonchni oqlashiga namuna sifatida keltirib o‘tgan.

«Bunday voqealar shunchaki musobaqadan ham ko‘ra ko‘proq mavqega ega, bu ijtimoiy loyihalar butun jahon uchun mo‘ljallangan», — deya qo‘shimcha qilgan FIFA rahbari.

2026 yilgi mundialni qabul qilishga AQSh, Kanada va Meksika birgalikda ariza berishi kutilmoqda. Infantino FIFA prezidentligiga saylanishidan oldin ham saylovda g‘alaba qozonsa jahon chempionati ishtirokchilari sonini 32tadan 40taga oshirishini bildirgandi.

2018 yilgi Rossiya va 2022 yilgi Qatar mundialida ishtirokchilar soni 32taligicha qoladi.

Manba: Tribuna.uz

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid