Jahon chempionatining navbatdagi kuni ham voqealarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston turnirda ilk o‘yinini o‘tkazdi va ilk golini urdi, Gana Panamani so‘nggi daqiqalarda urilgan gol bilan ranjitdi, Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya milliy jamoasi Kongoni DR milliy jamoasini mag‘lub etolmadi, Angliya va Xorvatiya o‘yinida esa haqiqiy triller kuzatildi.

Hakamlar yana diqqat markazida: ilk bor ayol hakam JCh o‘yiniga tayinlandi, ekspertlar esa Argentina va Jazoir uchrashuvida Shimon Marchinyak Lionel Messini maydondan chetlatmay, xato qilgan deb hisoblamoqda.

Portugaliyada yo‘qotish

Portugaliya – Kongo DR 1:1
Gollar: Joau Nevesh, 6 (1:0). Vissa, 45+5 (1:1)
Portugaliya:  Koshta, Arauju, Veyga, Nunu Mendesh (Semedu, 72), Joau Kanselu, Joau Nevesh, Vitinya (Ramush, 83), Brunu Fernandesh, Pedru Netu (Leau, 72), Bernardu Silva (Konseysau, 46), Krishtianu Ronaldu
Kongo DR: Mpasi-Nzau, Kapuadi, Tuanzebe, Mbemba, Masuaku (J. Kayyembe, 74), Van-Bissaka (Kalulu, 85), Mutussami, E. Kayyembe (Pikel, 74), Mukau (Sadiki, 57), Bakambu (Banza, 85), Vissa
Ogohlantirishlar: Bernardu Silva, 13. Semedu, 88. Arauju, 90 – Mbemba, 32

Bir kun oldin Lionel Messi Jazoir darvozasiga het-trik qayd etib, Krishtianuga chaqiriq tashlagandi. Muxlislar uning portugaliyalik azaliy raqibidan javob kutishgandi va «An-Nasr» forvardi Afrikadan kelgan kamtaron jamoaga qarshi o‘yinda bu vazifani uddalaydigandek ko‘ringandi ham.

O‘yinning oltinchi daqiqasidayoq 174 santimetrlik Joau Nevesh Pedru Netuning uzatmasini bosh bilan golga aylantirganida bu fikr yanada mustahkamlangandi. Ammo shundan keyin portugallar hech narsa o‘ylab topa olishmadi. Bo‘lim oxirida esa kongoliklar hujumchisi Yoan Vissa hisobni tenglashtirdi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limida ham portugaliyaliklar raqib darvozasi atrofida xavfli vaziyatlar yarata olmadi. Yakunda o‘yin 1:1 hisobidagi sensatsion durang bilan yakunlandi.

Ronaldu esa yirik turnirlarda qatorasiga 10 o‘yindan buyon gol ura olmayapti. Opta Spors qayd etishicha, bu uning jahon va Yevropa chempionatlaridagi antirekord seriyasi hisoblanadi.

Turnirning eng yaxshi o‘yini

Angliya – Xorvatiya 4:2
Gollar: Keyn, 12 – penalti (1:0). Baturina, 36 (1:1). Keyn, 42 (2:1). Musa, 45+5 (2:2). Bellinghem, 47 (3:2). Reshford, 85 (4:2)