O‘zbekiston | 22:37 / 06.09.2016
32024
2 daqiqa o‘qiladi

Koreyaning sobiq prezidenti Li Myon Bak: Yaqin do‘stimni yo‘qotdim

Bugun 6 sentabr kuni Seuldagi O‘zbekiston elchixonasiga Islom Karimov xotirasini bajo keltirish uchun Koreya Respublikasining sobiq prezidenti Li Myon Bak hukumatning bir guruh vazirlari bilan birga tashrif buyurdi. Bu haqida "Jahon" axborot agentligi ma'lum qildi. 

Ta'ziya kitobida u quyidagi yozuvlarni qoldirdi:

"Samimiy ta'ziyamni qabul qiling. Men do‘stimni hech qachon unutmayman. Umid qilamanki, Yaratgan uning oilasi va O‘zbekiston xalqini o‘z panohida asraydi".

Li Myon Bak O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan yaqin do‘st bo‘lishgani va tez-tez uchrashib turishganini ma'lum qildi. 

"Mutlaqo kutilmagan voqea ro‘y berdi. Men yaqin do‘stimni yo‘qotdim. Dafn marosimida shaxsan ishtirok etolmadim. Shu bois O‘zbekiston rahbarining oila a'zolariga mening hamdardligimni yetakazishingizni so‘rayman", - dedi Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti.

Ichki ishlar va davlat boshqaruvi vaziri Xong Yun Sik Islom Karimov tarixiy qisqa vaqt davomida O‘zbekiston taraqqiyotida katta yutuqlarga erishganini ta'kidladi va bundan keyin ham uning rejalashtirgan ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilishga ishonch bildirdi. 

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Lim Song Nam O‘zbekiston xalqi va hukumatiga o‘z ta'ziyasini izhor etar ekan, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ko‘p rejali munosabatlarning rivojlanishi va ularning strategik hamkorlik darajasiga olib chiqishda Islom Karimovning o‘rni beqiyos ekanligini qayd etdi va bundan keyin ham ikki tomonlama aloqalarning kengayishiga ishonchi komil ekanini aytdi. 


 

Mavzuga oid