O‘zbekiston | 11:00
915
1 daqiqa o‘qiladi

Isroilda xavfsizlik vaziyati keskinlashishi mumkin - elchixona

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mamlakatda xavfsizlik vaziyati keskinlashishi ehtimoli munosabati bilan fuqarolarga murojaat qilib, ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirish va mahalliy xavfsizlik xizmatlari ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

Foto: CGTN

Elchixona xabariga ko‘ra, Isroildagi barcha O‘zbekiston fuqarolari Isroil Frontorti qo‘mondonligi tomonidan berilayotgan rasmiy ko‘rsatmalarni muntazam kuzatib borishi va ularga so‘zsiz rioya qilishi lozim.

Diplomatik vakolatxona xavfsizlik maqsadida fuqarolarga doimo himoyalangan joylarga yaqin hududda bo‘lishni tavsiya qildi.

Shuningdek, havo hujumi haqida signal berilganda yoki sirena ovozi eshitilganda zudlik bilan panohgoh yoki himoyalangan joyga o‘tish, rasmiy ruxsat berilmaguncha u yerni tark etmaslik so‘ralgan.

Elchixona fuqarolarni rasmiy axborot manbalari orqali tarqatilayotgan xabarlar va favqulodda ko‘rsatmalarni doimiy ravishda kuzatib borishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, shoshilinch holatlar va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha murojaat qilish uchun elchixonaning maxsus aloqa vositalari faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonning Isroildagi diplomatik vakolatxonasi mamlakatda bo‘lib turgan vatandoshlarni shaxsiy xavfsizlikka alohida e’tibor qaratishga chaqirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid