Prezidentga so‘nggi maktub: Biz Sizni unutmaymiz, Yurtboshim!
2016 yil 27 avgust. Bu kunni andijonliklar ming hayajon bilan kutdilar. Qalblar quvonchga to‘ldi. O‘sha kuni ko‘chalar-u hiyobonlar obod etildi. Har bir andijonlikning yuzida tabassum, tilidan esa “Bugun Andijonga poytaxtdan poyezd keladi. Unda Prezidentimiz keladi”, degan so‘zlar tushmasdi. Sizning o‘z va'dangizda turishingizni nafaqat Andijon, balki butun mamlakatimiz aholisi yaxshi bilardi.
Shuning uchunmi bu kunni, Sizning “Mana men Andijonga poyezdda keldim!” deyishingizni barcha intizorlik bilan kutdi. Ammo...
Aytilgan vaqt keldi. Poyezd muhtasham Andijon vokzaliga kelib to‘xtadi. Vagonlardan birin – ketin mehmonlar tusha boshladi. Butun andijonliklar Sizni, ha-ha, faqat Sizni izladi. Afsuski, o‘sha kuni Siz kelmadingiz. Yuzlarimiz kulib tursa-da, ich-ichimizdan ezildik. Katta-yu kichik bir-biriga “Yurtboshimiz nega kelmadi?” deya savol berdi. Hech kim javob bera olmadi. Axir butun xalq bu onlarni necha yillar kutgandi-a?
Yo‘q-yo‘q, hech umidimiz so‘nmadi. “Prezidentimiz bayramdan so‘ng albatta keladi, va'dasida turadi”, deya taskin berdik o‘zimizga... Biz kelishingizga ishonardik. Ammo endi orzular armonga aylandi.
Afsus... bir kun o‘tib, matbuotda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sizning betobligingiz to‘g‘risida axboroti tarqaldi. Avvaliga hech kim ishonmadi, lekin hukumat tarqatgan xabar yolg‘on emasdi. O‘sha soniyalardan boshlab, eshitganki odam “Yurtboshimiz omon bo‘lsin!” deya duo qildi.
Kunlar o‘tdi. Mustaqillik bayrami ham nishonlandi, ammo sizning tadbirda qatnashmaganingiz barchani sergaklantirdi, yig‘latdi. Asosiy tadbir boshqa kunga qoldirilibdi. Unda davlatimiz rahbari shaxsan o‘zlari ishtirok etarkan, degan xabar esa ko‘ngillarga taskin berdi. Dillarda bayram shukuhi kezsa-da, ko‘zlarda yosh edi. Keksa yoshdagi otaxon-u onaxonlarimiz bot-bot qo‘llarini duoga ochib, Allohdan sizga shifo tilardi.
Biroq... 2 sentabrning kech oqshomida e'lon qilingan xabar butun borliqni larzaga keltirdi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan insonlar yig‘ladi. Bu olamni tark etganingizga sira ham ishongimiz kelmadi. Butun vujudimizni titroq bosdi... Beshafqat taqdir sizni bizdan ayirdi.
Bularni eshitib, sakson yoshlarni qarshilab qo‘ygan otaxon, umrini sarhisob qilib “Ahir men tirikmanku, nega, Yurtboshi o‘ladi?” deya yig‘layapti. Endigina o‘n sakkiz yoshga to‘lgan qizlaringiz esa “Biz endi kimga ishonamiz? Suyanchimiz, tayanchimiz - Otamizsiz nima qilamiz?” deya oyga dardini aytayapti. Sizning butun dunyodan ketganingizni eshitib, ishonmagan Janubiy Koreyada tahsil olayotgan “o‘g‘lingiz” qo‘ng‘iroq qilib to‘xtovsiz faryod chekyapti. Yaqindagina Rio-2016 Olimpiadasidan oltin medal bilan qaytgan sportchilar Hasanboy Do‘stmatov, Ruslan Nuriddinovlar esa quvonishni ham, yig‘lashni ham bilmay devor kabi qotishdi. Bu o‘sha tundagi voqealarining boshlanishi edi xolos.
O‘sha kuni tong otishi juda ham qiyin, dardli bo‘ldi. Oynadan boqar ekanman, go‘yoki butun borliq sizni kuzatgisi yo‘qdek tuyuldi. Osmonni qora bulutlar qopladi... Oyoq-qo‘llar madorsiz holatga keldi. Ko‘zlarda chorak asrlik tarix gavdalandi. Eh, qanchadan-qancha sinovli kunlarni ko‘rmadik. Dushmanlarga qarshi kurashdik. Bir paytlar hech kim tan olmagan diyorni endi butun jahon tan oldi. Milliy manfaatlar saqlanib qoldi. O‘zbek xalqi xech kimga qaram bo‘lmadi. Ularni oldida qaddimizni tik tutib yuradigan bo‘ldik. O‘zbekiston desa, havas bilan qaraydigan bo‘lishdi. Bularning barchasiga Sizning xalqparvarligingiz, kelajakni ko‘ra olishingiz, xalqqa bo‘lgan ishonchingiz orqali erishildi.
Andijon ko‘chalaridan yurib borar ekanman, o‘g‘il-qizlaringizning ko‘zlaridagi ma'yuslikni ko‘raman. Ko‘zimdagi yoshni artaman. Hamon Sizning kelishingizni kutayotgan “Andijon” vokzalini ko‘rib esa, tinimsiz yig‘layman. Qulog‘im ostida bir paytlar aytgan so‘zlaringizni eslayman, chuqur “uh” tortaman.
Islom Abdug‘aniyevich, siz endi oramizda yo‘ksiz, ammo sezib turibman - Siz bizni uzoqlardan kuzatib turibsiz. Butun umringiz mobaynida amalga oshirgan ishlaringizni sarhisob qilayapsiz. “Mendan xalq rozi bo‘ldimikan?” deya savol berayotgandirsiz. Bularni ich-ichimdan his qilyapman.
Men yoshlar nomidan ayta olamanki, siz butun o‘zbek xalqining chin Otasisiz. Yaxshi va yomon kunlarida yonida bo‘lib, tirgak bo‘lgan insonsiz. Hech kim ishonch bermaganida, “Ortingizda men turibman. Marrani kengroq oling, davr bizniki, marra bizniki”, degan daldalaringiz bizni hamisha olg‘a intilishga undaydi. Biz sizning ishonchingizni oqlaymiz, albatta. O‘zbekistonning kelajagi buyuk davlat ekanligini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘yamiz!
Siz bizning qalbimizda barhayot yashaysiz!
Sizni sog‘inib qolguvchi andijonlik o‘g‘lingiz Umidjon
Mavzuga oid
22:19 / 09.11.2024
Shotlandiyadagi mayoq devoridan 132 yil oldin yozilgan maktub topildi
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
16:17 / 02.11.2024