O‘zbekiston | 17:54 / 07.09.2016
10252
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT Bosh kotibi: Biz Islom Karimovning nomini va oqilligini hamisha yodimizda saqlaymiz

O‘zbekiston respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Rashid Alimov mamlakatimizning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasida bo‘ldi.

«O‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotish sababli o‘zbek xalqi bilan birga qayg‘udamiz. O‘zbekiston respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov o‘z xalqining qalbida va jahon siyosatida juda chuqur iz qoldirdi. Biz Islom Karimovning nomini, ezguligi va oqilligini doimo yodimizda saqlaymiz», deyilgan tashkilot Bosh kotibining ta'ziyanomasida.

Respublikamiz diplomatiya missiyasining vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Rashid Alimov Islom Karimovning O‘zbekistonda samarali siyosiy tizimning yaratilishi va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishidagi xizmatlarini ta'kidlar ekan, shular tufayli respublikamiz dunyoning izchil o‘sib borayotgan mamlakatiga aylanganini qayd etdi.

«O‘zbekiston birinchi prezidentining Shanxay Hamkorlik Tashkiloti rivojlanishiga qo‘shgan hissasi yuqori bahoga sazovordir. Uning siyosiy oqilligi va diplomatik mahorati O‘zbekistonning 2015-2016 yillari ShHTdagi raisligi davrida hamda birlashmaning Toshkent sammiti ajoyib o‘tkazilganida to‘la namoyon bo‘ldi. Hindiston respublikasi va Pokiston Islom respublikasining ShHTga a'zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g'risidagi memorandumlar imzolangani Toshkent sammitining muhim voqealaridan bo‘ldi. Tarix va avlodlar Islom Karimov siymosining qamroviga baho berajak», deya ShHT Bosh kotibining so‘zlarini keltirgan «Jahon» AA.

Mavzuga oid