Jamiyat | 11:57 / 07.09.2016
7576
3 daqiqa o‘qiladi

YUNISEF: 50 million bola zo‘ravonlik, qashshoqlik va ziddiyatlardan qochib o‘z uyini tark etdi

Butun dunyo bo‘ylab deyarli 50 million bola turli ziddiyatlar va boshqa talofatlar sabab o‘z uylarini tark etib, ko‘chmanchi, qochqin va muhojirlarga aylangan. BMTning Bolalar fondi (YUNISEF) hisobotida ana shunday ma'lumotlar berildi. 

Unga ko‘ra, “28 million bola zo‘ravonlik va ziddiyatlardan qochib, o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan”. 10 million qochqin, boshqa mamlakatlardan boshpana kutib yashayotgan 1 million kishi, shuningdek ichki ko‘chmanchi hisoblanuvchi 17 million bola shular jumlasidandir. Bunga qo‘shimcha ravishda 20 million bola muhojir sifatida ota-onasi yoki bir o‘zi mamlakatdan ketishiga to‘g‘ri kelgan. 

Hisobotga ko‘ra, borgan sari chegaradan kattalarsiz o‘tayotgan voyaga yetmagan bolalar soni ko‘payib bormoqda. “2015 yilda 100 mingdan ortiq bola vorissiz 78 mamlakatdan boshpana so‘rab murojaat qilgan. Bu 2014 yildagiga qaraganda uch barobar ko‘p”, - deya ta'kidlashdi YUNISEFda. Fond ekspertlari kattalarsiz chegaradan o‘tuvchi bolalar ekspluatatsiya va zo‘ravonlikka ko‘proq duchor bo‘lishlari haqida ogohlantirishmoqda. 

YUNISEF yaxshi hayot ilinjida o‘z uyini tark etayotgan bolalar uchun jiddiy tashvishda ekanligini bildirdi. “Zo‘ravonlik va ziddiyatlar natijasida qalbi jarohatlangan bolalar qochish davomida yangi tahdidlarga yo‘liqishadi – ular dengizni kechayotib,  cho‘kib ketishi, charchoq va qurg‘oqchilikdan halok bo‘lishi, quldorlar yoki zo‘ravonlarning qurboninga aylanishi mumkin. Bolalar boshqa davlatga o‘tgan taqdirda ham kamsitishlarga duch kelishadi”, - deyiladi ma'ruzada. 

BMTning Bolalar fondi hukumatlarni harbiy to‘qnashuvlar, tabiiy ofatlar va boshqa inqirozlardan jabr ko‘rganlar uchun qonuniy va xavfsiz boshpana berish usullarini ishlab chiqishga chaqirdi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, yuqori daromadli mamlakatlarda ishga joylashgan muhojirlar soliqlar va boshqa to‘lovlar evaziga davlat xazinasiga ko‘proq foyda keltirishadi, ular mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish va innovatsiyalarga o‘z hissalarini qo‘shishadi. 
 

Mavzuga oid