Jahon | 09:21 / 08.09.2016
10977
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: AQSh va Turkiya birgalikda IShID poytaxtini qamal qilishga tayyor

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z mamlakati AQSh bilan hamkorlikda IShID jangarilarini tashkilot poytaxti hisoblanadigan Raqqa shahridan daf qilish uchun keng ko‘lamli hujum boshlashga tayyor ekanini ma'lum qildi.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shma harbiy hamkorlik g‘oyasi Xitoydagi "katta yigirmatalik" sammiti vaqtida ko‘rib chiqilgandi.

Erdo‘g‘an bu orqali Turkiya nashrlarida 1 kun oldin tarqalgan xabarlarni tasdiqladi. Amerika tomoni hozircha Turkiya rahbarining chiqishiga munosabat bildirmadi.

24 avgust kuni Turkiya tanklari Suriya chegarasini kesib o‘tib, IShIDga qarshi amaliyotlar o‘tkazish maqsadida Suriya shimoliga kirdi. Keyinchalik kurd jangarilari ham nishonda ekani ma'lum bo‘ldi.

Turkiya Suriya hukumati muxolifati bo‘lgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ilk hujumlardan keyinoq Jarablus shahridan IShID jangarilari surib chiqarilib, shahar muxolifat kuchlari qo‘liga o‘tdi.

Turkiya hamon Suriyada qolmoqda, Rossiya tomoni va Suriya prezidenti Bashar Asad turklarning mamlakat ichkarisiga kirib borishidan xavotirini bildirgan.

Raqqa shahri ayni vaqtda IShIDning asosiy qarorgohi hisoblanadi. Shu yerdan turib, Suriya va Iroqdagi harakatlar nazorat qilinadi.

Bu hududda 500 mingga yaqin kishi yashamoqda va ularning aksari og‘ir sharoitlarda kun kechirmoqda.

Mavzuga oid