Jamiyat | 17:57 / 13.09.2016
24890
4 daqiqa o‘qiladi

"Kamalak yulduzlari-2016" bolalar ijodiyoti festivaliga arizalar qabuli boshlangani e'lon qilindi

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Yoshlar tashabbuslari markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi “Kamalak yulduzlari-2016” bolalar ijodiyoti festivaliga arizalar qabuli boshlanganini e'lon qiladi. Arizalar 2016 yilning 15 sentabridan 15 oktabriga qadar qabul qilinadi.

“Kamalak yulduzlari” tanlovini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste'dod va mahoratlarini namoyon etishlari uchun imkoniyat yaratib berish, yosh avlodning ma'naviy olamini boyitish, madaniy saviyasini yuksaltirish, san'at va go‘zallikka bo‘lgan intilishini kuchaytirish, milliy san'at an'analari va yo‘nalishlarini asrash, rivojlantirish hamda davom ettirishdir. Unda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli bolalar ishtirok etishlari mumkin.

Tanlov quyidagi olti yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi:

“A” yo‘nalishi — fortepiano, torli-kamonli, damli va zarbli cholg‘u asboblari;

“V” yo‘nalishi — milliy va akademik ijro, estrada, folklor va xor guruhlari;

“S” yo‘nalishi — plektorli, kamonli, damli va zarbli xalq cholg‘u asboblari;

“D” yo‘nalishi — milliy, ball va zamonaviy raqslar;

“Ye” yo‘nalishi — tasviriy (grafika, rang-tasvir, haykaltaroshlik) va amaliy san'at (zardo‘zlik, do‘ppido‘zlik, quroqchilik, gilamdo‘zlik, qo‘g‘irchoqchilik, kashtachilik, gobelen, batik, naqqoshlik, ganchkorlik, kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, misgarlik, kandakorlik, toshtaroshlik);

“G‘” yo‘nalishi — nasriy (ertak, hikoya, qissa, roman) nazm asarlari ( she'r, g‘azal, doston).

Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

- ariza-anketa;

- shaxsini tasdiqlovchi hujjat (tug‘ilganligi haqida guvohnoma) nusxasi;

- 3x4 o‘lchamdagi 2 dona hamda 10x15 o‘lchamda ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi 2 dona fotosurat;

- “A”, “V”, “S” guruhlari ishtirokchilari ijro etiladigan dastur matni, notasi hamda ijro vaqtini;

- “E”, “F” guruhlari ishtirokchilari esa ijodiy ish namunalarini taqdim etadilar;

- ta'lim olayotgan muassasasidan tavsiyanoma;

- ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning tanlov Nizomi, shartlari bilan to‘la tanishgan va uni qabul qilgan holda bolaga ko‘rik-tanlovda ishtirok etishiga ruxsat berilishi so‘ralgan arizasi.

Arizalar «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tuman hamda shahar bo‘limlarida qabul qilinadi. Ishtirokchilarning mahoratini el orasida tanilgan, tajribali va yuqori malakali mutaxassislar, davlat mukofotlari va boshqa unvonlarga sazovor bo‘lgan san'atkorlar, rassom hamda hunarmandlar, xoreograflar, shoir va yozuvchilardan iborat nufuzli hakamlar hay'ati baholab boradi. Tanlovning barcha bosqichlari keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lib, saralash jarayonlarining borishi, yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirokchilarning ijodiy chiqishlari tomoshabin va tinglovchilar tomonidan kuzatib borilishi mumkin.

Tanlovning har bir bosqichida yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan ishtirokchilar sertifikatlar, diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantiriladi.

“Kamalak yulduzlari” tanlovi g‘oliblarining ijodiy faoliyati doimiy qo‘llab-quvvatlanadi va rivojlantirib boriladi, shuningdek, eng yaxshi ijodiy ishlar namunalari ko‘rgazmalari tashkil etiladi.

Mavzuga oid