Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev Namangan xalqaro gullar festivalining mehmoni bo‘ldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyun kuni Namangan shahridagi an’anaviy xalqaro gullar festivaliga tashrif buyurdi.
Qayd qilinishicha, festival muddati 2018 yildagi 3 kundan 2025 yilda 40 kunga uzaytirilgani natijasida xorijlik sayyohlar soni 25 mingdan 800 mingga, mahalliy turistlar esa 6,4 million nafarga yetdi.

Ta’kidlanishicha, navbatdagi maqsad – 50 dan ortiq davlatdan 1 million nafar xorijiy va 7 million nafar mahalliy turistni jalb etish, 150 dan ziyod tadbir o‘tkazish hamda xizmatlar hajmini 8 trillion so‘mga yetkazish.

Joriy yil 24 maydan 12 iyulga qadar davom etadigan 65-xalqaro gullar festivali “Ginnessning rekordlar kitobi”ga rasman kiritildi - 29 milliondan ziyod gul ko‘chati qo‘lda ekildi. Natijada jahon rekordi qayd etildi.

Namangan shahrining 45 ta mahallasi gulchilikka ixtisoslashtirilib, 16 ming xonadon qamrab olindi, 21 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. Ushbu xonadon tomorqalarida mart-aprel oylarida 4 ming 683 ta issiqxona tashkil etilib, 120 million dona gul ko‘chati yetishtirildi. Odamlar qo‘shimcha 300 milliard so‘m daromadga ega bo‘ldi.
Davlat rahbari festival doirasida barpo etilgan gul kompozitsiyalari, mavzuli maydonlar va ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi. Gulchilik bilan shug‘ullanayotgan aholi, tadbirkorlar, festival ishtirokchilari va mehmonlarni qutladi.


