O‘zbekiston | 11:50 / 16.09.2016
21387
2 daqiqa o‘qiladi

Bishkekdagi MDH TIV Kengashi majlisi Islom Karimovni xotirlash bilan boshlandi

15 sentabr kuni Bishkekda MDH mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi boshlandi. Majlisda O‘zbekistondan mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ishtirok etdi. 

Majlis avvalida Qirg‘iziston TIV rahbari Erlan Abdildayev O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi. "Qirg‘iziston respublikasi, TIVdagi hamkasblarim va shaxsan o‘zim nomimdan O‘zbekistonning tashqi ishlar vaziriga prezident Islom Karimovning vafoti munosabati bilan o‘z hamdardligimni bildiraman", - dedi Abdildayev. "Islom Karimov qardosh o‘zbek xalqining rivoji va bizning tashkilotimiz shakllanishiga katta hissasini qo‘shgan", - deya ta'kidladi u. 

Vazirlar uchrashuv doirasida MDH davlatlari rahbarlari Kengashida taqdim etiladigan hujjatlarni muvofiqlashtirishadi va tayyorlashadi. Tashqi ishlar vazirlari MDH mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni muhokama qilishadi, dolzarb xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashishadi. TIV Kengashining kun tartibida ko‘p tomonlama hamkorlikka yo‘naltirilgan 16 masala qo‘yilgan. 

Majlisning asosiy mavzularidan biri - 2017-2019 yillar uchun terrorizm bilan kurashda hamkorlik dasturi. Bundan tashqari, vazirlar 2017-2018 yillar uchun gumanitar hamkorlikka doir tadbirlar rejasini tasdiqlashadi. 

Shuningdek kun tartibida geodeziya, kartografiya va kadastr sohalarida hamkorlik qilish haqidagi bitim loyihasi imzolanishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid