Yoshlarga oid yangi qonun mohiyati talabalarga tushuntirildi
Toshkentda “Yuksak huquqiy madaniyat – kelajak poydevori” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talaba-yoshlari ishtirok etdi.
O‘zbekistonda aholi, ayniqsa, yosh avlodning huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani ta'kidlandi. Zero, jamiyatning demokratiya yo‘lidan jadal rivojlanishi va bu boradagi islohotlarning samarasi ko‘p jihatdan fuqarolarning, mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarning huquqiy madaniyati darajasiga bog‘liqdir.
Yosh avlodning huquqiy bilimini yuksaltirishda huquqiy adabiyotlar muhim ahamiyatga ega. O‘tgan yillar davomida bu yo‘nalishda o‘n mingdan ortiq nomda darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratildi. Huquqiy targ‘ibot ishlarini ko‘rgazmali qurollar yordamida olib borish maqsadida plakat va bukletlar chop etib kelinmoqda.
Tadbirda yoshlar huquqlariga oid qabul qilingan yangi qonun hujjatlari mohiyati haqida ham ma'lumot berildi. Jumladan, 2016 yil 15 sentabrda kuchga kirgan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida hozirgi zamon talablarini hisobga olgan holda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari mustahkamlab qo‘yildi.
Qonunda yoshlarga oid davlat siyosatini markazda va joylarda ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar vazifalari, vakolatlari, shuningdek, ularning bu sohadagi javobgarligi aniq belgilangan. Ushbu organlar zimmasiga yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, mehnat va boshqa sohalarda yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan talablar, normativ-huquqiy hujjatlar shak-shubhasiz ijro etilishini ta'minlash, huquqiy targ‘ibotga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, yoshlar orasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish vazifalari yuklatildi.
Qonun yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini mustahkamlashga, yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar mas'uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
15:18 / 13.11.2024
O‘zbekiston ingliz tili savodxonligi reytingida 98-o‘ringa tushdi
09:59 / 13.11.2024
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun tatbiq etiladigan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi
15:01 / 05.11.2024
Nyu-Yorkda piyodalarga yo‘lning istalgan joyidan istalgan vaqtda kesib o‘tishga ruxsat berildi
17:49 / 23.10.2024