Jamiyat | 20:47 / 19.09.2016
10255
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Moskvadagi birinchi KurbanFEST-2016 bayrami qanday o‘tdi?

17 sentabr kuni Moskvadagi “Park Pobedy” xiyobonida Qurbon Hayiti bayrami munosabati bilan xayriya tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mazkur bayram ilk bora o‘tkazilayotganiga qaramay, 5 mingdan ziyod mehmonlarni jamladi.

Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi va Moskva shahri musulmonlari diniy idorasi “SAFMAR” va “Zakot” xayriya fondlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan bayramda kun davomida konsert dasturlari, mushohadali va ijodiy sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Ochiq maydonda o‘tkazilgan ommaviy-madaniy tadbirning rasmiy qismini muftiy Ildar hazrat Alyautdinov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.

Tadbir boshlanganidan to so‘nggiga qadar maydonda “Olamning yaratilishi” xalqaro festivalining “Kashfiyot” yo‘nalishi sovrindorlari tomonidan kuy-ohanglar yangrab turdi. Robert Yuldashev, Saida Muxametzyanova, Ilgiza Shayxraziyeva, Hadisa Sabiyeva tomonidan ijro etilgan diniy qo‘shiqlar, “Devon” va “Adat” etnoguruhlarining chiqishlari ham yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirda diniy kitoblar va foydali mahsulotlar yarmarkasi o‘tkazildi. Mehmonlar Rossiya xalqlari pazandalari va homiylar tomonidan hozirlangan turli tansiq taomlar bilan siylandi. Bolalar uchun esa o‘yin maydonlari, sovg‘a-salomli interaktiv hududlar xizmatda bo‘lib, ularga cheksiz shodu xurramlik bag‘ishladi.

Keng miqyosda o‘tkazilgan KurbanFest tashabbuskorlari mazkur tadbirda muntazam ravishda “bir-birimizga yaqin” shiorini ta'kidlashdi.

Manba: tayanch.ru

Suratlar muallifi: Sohiba Hayitboyeva

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid